Adabiy aloqalar sayqal topmoqda
Har qanday xalqning adabiyoti va san’ati doimo qo‘shni xalqlarga ko‘prik bo‘lib kelgan. Nizomiy Ganjaviy Alisher Navoiyning, Imomiddin Nasimiy Boborahim Mashrabning ustozi bo‘lgani kabi, Notavon Nodirai davronning ustozi edi. Shohning qizi bilan, xonning zavjasi g‘azallari zamonlar silsilasidan o‘tib, yod olinib qo‘shiqlarga aylanib ketgan.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoirasi Zulfiya ham xalqaro adabiyot sahnasida Ozarbayjon adabiyoti namoyandasi, xalq shoirasi Marvarid Dilboziy bilan do‘st tutingan. Hozirgi zamon adabiyoti shoirasi sifatida biz ham turk, ozarbayjon adabiyotiga oshno bo‘ldik.

Kamina 1980-yilda Moskvada Maksim Gorkiy nomli jahon adabiyoti universiteti talabasi vaqtimda, O‘zbekistonda Ozarbayjon adabiyoti va san’ati dekadasiga Ozarbayjon xalq shoiri Baxtiyor Vahobzodaning she’rlarini tarjima qildim. Tarjimalarim “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” va “Toshkent oqshomi” gazetalarida chop etilgach, O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov tomonidan dekadada ijro etildi:
Bir olmaning ikki yuzi,
Biri sensan, biri men.
Bir buloqning ikki ko‘zi,
Biri sensan, biri men...
Tarjima va qo‘shiqlardan hayratlangan Baxtiyor Vahobzoda tadbirlarda meni alqab, duo qildi. Yillar o‘tsa-da, bu qo‘shiq hamon tillardan tillarga o‘tib kelmoqda.

Mustaqil Vatanimiz qo‘shnilarga darvozalarini ochib, do‘stlikning xush nafaslari yurtimizni kezganda, 2017-yil may oyida, men uch ozar shoira she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girib, "Adabiyot injalari", "Kelib ko‘ring Astarani" va "Ayol va bulbul" nomli uch kitob tayyorlab, shoira dugonam Xosiyat Bobomurodova bilan Bakuga uchib bordik. Uch kitobga uch shaharda taqdimot o‘tkazdik.
Shundan keyin, adabiy aloqalarni boshlab yubordik. Olti yilda 120 ozar shoirining she’rlarini tarjima qilib, "Ozarbayjon she’riyati antologiyasi"ni yaratdim. "Men sharq qiziman" nomli kitobim Ozarbayjonda chop etildi. "Layli va Majnun" romani, shuningdek, Ozarbayjon xalq shoiri Sobir Rustamxonlining dostonlaridan iborat kitobini o‘zbekchaga o‘girdim.

Hozirda o‘zbek-ozar do‘stligi yuksak cho‘qqilarga chiqdi. Barcha sohalar qatori adabiyot va san’at, madaniyat sohasidagi adabiy aloqalar esa yil sayin yanada sayqal topib bormoqda. Ijodiy hamkorlik, qalbdan bo‘lgan qardoshlik rishtalari yangi asarlar yaratilishiga zamin yaratmoqda.
Dilbar Haydarova,
O‘zbekiston va Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
“Do‘stlik” ordeni sohibi.
O‘zA.