ACC 2027-yildan yangi musobaqalar tizimini joriy etadi
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan ACC Boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishida qaror qabul qilindi.
Osiyo velosport konfederatsiyasi (ACC) 2027-yildan boshlab qit’ada velosportni yanada rivojlantirish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda musobaqalar tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator yangi tashabbuslarni amalga oshiradi.
Unga ko‘ra, 2027-yildan “ACC Grand Fondo” Osiyo chempionati tashkil etiladi. Masters toifasidagi sportchilar o‘rtasidagi shosse bahslari Osiyo chempionatidan ajratilib, yangi musobaqa dasturiga kiritiladi.
Shuningdek, yosh velosportchilar uchun “Asian Youth Plus Track Championships” — yangi qit’a chempionati yo‘lga qo‘yiladi. Uning ilk musobaqasi 2027-yilda Filippinning Tag‘aytay shahrida o‘tkaziladi. “Asian Balance Bike Challenge” musobaqasi esa 2027-yilda ham Tailand mezbonligida tashkil etiladi.
Yana bir muhim yangilik — 2027-yildan shosse bo‘yicha Osiyo chempionati dasturiga o‘smirlar o‘rtasidagi bahslar ham qo‘shiladi. Unda o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi 15–16 yosh toifalari ham ishtirok etadi. Shu tariqa, mazkur yoshdagi sportchilar uchun shosse va trek yo‘nalishlarida Osiyo chempionatida qatnashish imkoniyati yaratiladi. Bunga qadar o‘smirlar qit’a chempionatlarida asosan 17–18 yosh toifasida ishtirok etib kelgan.
Yig‘ilishda ACCning 2027-yilgi Kongressi 12-iyun kuni Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston avtonom hududidagi Ordos shahrida o‘tkazilishi belgilandi. Boshqaruv qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi esa 11-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, 2027-yil 2-fevral kuni Kuala-Lumpur shahrida Xalqaro velosipedchilar ittifoqida (UCI) ovoz berish huquqiga ega Osiyo vakillarini saylash bo‘yicha navbatdan tashqari ACC Kongressi tashkil etiladi.
ACC rivojlanayotgan milliy federatsiyalarni velosipedlar va zarur sport jihozlari bilan ta’minlash dasturini ham davom ettirishini ma’lum qildi.
Qabul qilingan qarorlar qit’ada yoshlar velosportini rivojlantirish, ommaviy velosport qamrovini kengaytirish va musobaqalar tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA