Abduvali Qutbiddin: “Tanlangan asarlar”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Usmon Nosir mukofoti laureati, “Eng ulug‘, eng aziz vatan” an’anaviy ko‘rik tanlovi g‘olibi, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibi Abduvali Qutbiddinning “Tanlangan asarlar” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
“Tanlangan asarlar”dan shoirning turli yillarda nashr etilgan “Nayson”, “Humo”, “Baxt yili”, “Sen va sen uchun”, “Xayol kechasi”, “Uzoqdan olisga”, “Bor” allegoriyasi” to‘plamlari va shoir hayotligida nashr yuzini ko‘rmagan “Koshiniy” nomli kitobi, “Izohsiz lug‘at” hamda Vatanimiz istiqloliga bag‘ishlangan “Ozodlik” dostoni joy olgan.
Abduvali Qutbiddin XX asr o‘zbek she’riyatida alohida o‘rin egallaydigan, o‘ziga xos so‘z zargarlaridan edi. U boy, rang-barang ijodi orqali o‘zining hayajonga to‘la jozibali ohanglari, hayratlanarli tashbeh va istioralari bilan ilohiy ilhom va shoirning tafakkur olami naqadar cheksiz bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi, ta’bir joiz bo‘lsa, isbotladi.
Insoniy va ilohiy muhabbat, Vatan va millat dardi, odam va olam haqidagi hissiy va falsafiy she’rlari bilan o‘ziga xos maktab yaratdi.
Bug‘doyzorning nafas olishiday,
Chigirtkaning sassiz sakrashiday.
Hansiragan to‘zonning yiqilishiday
Umidli dunyoda,
Umidlanaman.
Chumchuq ko‘zin so‘lakday oqizgan
Nurlarga ta’m bergan gilosday.
Depsinib buqaday tushovin uzgan,
Umidli dunyoda
Umidlanaman.
Kiprigim tarog‘u, qorachiq ko‘zgu,
Labimda bulog‘u, yuzimda uyqu
Topgan suluvimga ko‘ksimni ochsam,
Yuragim lagandir ichida orzu...
Umidli dunyoda
Umidlanaman...
O‘zbekiston xalq shoiri, shoirning ustozi Rauf Parfi Abduvali Qutbiddin ijodi haqida shunday yozgan edi: “U borliqni yalang‘och tasavvur qila olmaydi. Qalbiga muhr bosgan har bir lahzani, voqea va hodisani ichkin his qilib, kamalakdek jilo beradi.
U har bir she’rida yangi ranglar, ohanglar izlab topishga intiladi. Daf’atan shoir kechinmalarini ilg‘ash qiyindek, tasavvuringizda bu ingichka holatlar bir-biri bilan uzviy emasdek tuyulishi mumkin. Favqulodda o‘xshatishlar, kinoyalar, istioralar...
O‘qib, ajablanasiz, bu she’rlar boshqalarning she’rlariga sira o‘xshamaydi...”
Nurim, qorachiqqinam,
Yerim, onajonginam!
Poytaxtdan yetib keldim men,
Qo‘ynimdagi bitta tong bilan.
Cho‘ponota qirlari yongan,
Lovullaydi rangin mash’ala,
Tili bilan dilimga tekkan,
Qanday qilib aytmay ashula.
Bahorning ilk yomg‘irlaridan
Ko‘ngli toshib ketganday Darg‘om.
To‘kay dedim men ham bag‘rimni,
Yuragimning yomg‘iri – Nayson.
Nurim, qorachiqqinam,
Yerim, onajonginam!
Umidimni yetaklab keldim,
Ostonada turibmiz birga...
“Ozodlik” nomli dostonida esa u shunday deydi:
Ozodlik, seni men ko‘zimning
Qoni-la yuvganman,
Sen-la iliganman, sen-la soviganman.
Yuragim ichida bolamday ko‘rganman,
Labingga lab qo‘yib ta’mingni so‘rganman...
Hech kimga o‘xshamagan shoirning hech kimga o‘xshamagan she’rlarini, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA