Abdusalom Xatamov: Mustaqillik – buyuk ne’mat, milliy g‘urur va taraqqiyotimizning mustahkam poydevoridir!
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Istiqlolimizning 35 yilligi bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Xatamov o‘z tabrigini izhor etdi.
– Mustaqillik – xalqimiz uchun buyuk ne’mat, milliy g‘urur va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidir. O‘tgan 35 yil davomida yurtimiz davlatchilik va taraqqiyot yo‘lida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Milliy qadriyatlarimiz, boy tariximiz va ma’naviy merosimiz asrab-avaylanib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi to‘qqiz yil o‘lkamiz hayotida tub burilishlar va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalq farovonligini yuksaltirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, jamiyat hayotini yanada demokratlashtirish va diyorimizning xalqaro nufuzini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Bugun O‘zbekiston jahon hamjamiyati oldida o‘zining yangi qiyofasini namoyon etmoqda. Ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan, tinchliksevar va pragmatik tashqi siyosatimiz tufayli respublikamizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yanada yuksalib bormoqda. O‘zbekistonning tinchlik, barqarorlik, o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda.
Darhaqiqat, bugun Vatanimizni nafaqat boy tarix va buyuk madaniyatga ega mamlakat, balki zamonaviy taraqqiyot sari dadil odimlayotgan, ochiq va ishonchli hamkor sifatida ham e’tirof etmoqdalar.
O‘zbekistonning O‘mon Sultonligi bilan azaliy do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhiga asoslangan munosabatlari ham bugun yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib borayotgani bizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Ishonchim komilki, O‘zbekiston – O‘mon munosabatlari xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida bundan buyon ham yuksak sur’atlarda taraqqiy etadi.
Ushbu qutlug‘ ayyomda xalqimizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt va xotirjamlik, fayzu baraka va farovonlik tilayman.
Istiqlolimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!
O‘.ALIMOV, O‘zA