Abdumalik Xalakov "Eindhoven Cup" turnirida eng yaxshi bokschi bo‘ldi
Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida boks bo‘yicha "Eindhoven Cup" xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin va bitta kumush medalga ega chiqdi.
Jumladan, musobaqada Abdumalik Xalakov -60 kg. vaznda o‘tgan final jangida angliyalik Jek Dridenni 5:0 hisobida mag‘lub etgan holda oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, -90 kg. vaznda bo‘lib o‘tgan so‘nggi hal qiluvchi jangda To‘rabek Habibullayev vengriyalik Kiss Milanni 5:0 hisobida yengdi va terma jamoamizga ikkinchi oltin medalni keltirdi. Vazni -70 kg. bo‘lgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev esa finalga qadar o‘tgan bahslarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Abdumalik Xalakov "Eindhoven Cup" turnirining “Eng yaxshi bokschisi” deb topilgan bo‘lsa, To‘rabek Habibullayev musobaqaning “Eng iqtidorli bokschisi” deya e’tirof etildi.

Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA