Abay abadiyati
Poytaxtimizda atoqli qozoq shoiri Abay tavalludi keng nishonlandi. Erta tongdanoq mamlakatimizning yozuvchi va shoirlari, adabiyotshunos olimlari, milliy madaniyat markazlari, Qozog‘iston Respublikasining yurtimizdagi elchixonasi vakillari, adabiyot muxlislari shoir haykali poyiga gullar qo‘ydi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Abay ijodi haqida quyidagi fikrlarini bildirdi:
-Bugun mamlakatimizda мiллатлараро tinchlik va totuvlikni, puxta o‘ylangan va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilgani natijasida qo‘shni davlatlar bilan ishonchli munosabatlar yo‘lga qo‘yildi. Markaziy Osiyo hududida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilgani qardosh xalqlar, qo‘shni davlatlar taraqqiyoti va farovonligini ta’minlamoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi davlat rahbarlari tashabbuslari va amaliy ishlari timsolida o‘zbek va qozoq xalqlarining hamdo‘stlik aloqalari rivojida yangi davr boshlandi. Tili, dini, qoni bir, kelib chiqish tarixi bir bo‘lgan o‘zbek va qozoq xalqlarining madaniy-adabiy aloqalarini Navoiy va Abay kabi mutafakkir shoirlar vorislarining hamkorlik rishtalari G‘afur G‘ulom va Sobit Muqonov, Oybek va Muxtor Avezov, Mirtemir va Abudulla Tojiboyev, Abdulla Oripov va O‘ljas Sulaymonovning jonajon do‘stligi va qadrdonligi bilan mahkam bog‘langani, bugungi globallashuv zamonida bu do‘stlikning yanada mustahkam bo‘lishi xalqlarimizning farovonligi va olamning tinchligi uchun nihoyatda muhim ekanini zamonning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

2018-yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilinib, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ishtirokida bu ulkan tarixiy sananing ochilish marosimi bo‘lib o‘tgani, shu munosabat bilan o‘zbek madaniyati, san’ati va adabiyotini targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilgani har ikki xalq qalbiga ulkan quvonch bag‘ishlaganiga butun dunyo guvoh bo‘ldi.
2018-yilning 13-martida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani nur ustiga nur bo‘ldi.

“Buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do‘stlik kuychisi Abay Qo‘nonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotgan bugungi kunda Abay Qo‘nonboyev singari ulug‘ allomalarning o‘lmas merosi xalqlarimiz uchun muhim ma’no va ahamiyat kasb etadi”.

Qarorda davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlarini o‘qir ekanmiz, Abay Qo‘nonboyevning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-muhabbat tuyg‘ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini o‘rganish naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini teran anglaymiz.
O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir o‘z davrida qozoq mumtoz shoiri Abay haqida shunday she’r yozgan edi:
Olatov cho‘qqisiga qo‘nganday ota burgut,
Olmaota o‘rtasida turibdi u barhayot.
Go‘yo hamon eliga so‘ylar hikmat va o‘git,
Hamon o‘lanlar to‘qib, o‘qimoqda o‘lmas zot.

Bugun Sharqning eng go‘zal megapolis shaharlaridan biri bo‘lgan Toshkent shahrining qoq markazida ham Abayning muhtasham haykali yuksak tog‘ning cho‘qqisiga qo‘ngan burgutday mag‘rur ko‘krak kerib turibdi. Ulug‘ shoirning yodgorligini she’riyat ixlosmandlari hamda chet ellik mehmonlar ziyorat qilayotir, o‘zbek o‘quvchilari ketma-ket chop etilayotgan asarlarini mutolaa qilmoqda.
Tarixiy qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi homiyligida Abay Qo‘nonboyevning “Saylanma” asari hamda “O‘zbek va qozoq adabiy aloqalari” nomli adabiy-tahliliy maqolalar to‘plami nashrdan chiqdi. Mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlar, adabiy kechalarda ushbu kitoblar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan sovg‘a qilindi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va o‘zbek adabiyoti” nomli doimiy ekspozitsiya tashkil etildi. Shoir tug‘ilgan 10-avgust sanasida Toshkent shahrida o‘rnatilgan Abay Qo‘nonboyev haykali poyiga gul qo‘yish marosimi va mushoira o‘tkazildi, o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida “Abay asarlarining bilimdoni” insholar ko‘rik-tanlovi tashkil etildi, ommaviy axborot vositalarida Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodi haqida turkum materiallar, badiiy va hujjatli filmlarni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi. O‘zbek Milliy akademik drama teatrida esa ardoqli qozoq adibi Muxtor Avezovning tarixiy romani asosida “Abay” dramatik asari sahnaga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi Toshkentda o‘zbek tilida nashr etildi.

Qozoq adabiyoti durdonalari yuz jildlik kitoblar jamlanmasida o‘n jilddan iborat ( 72 – 81-jildlar) asarlar qozoq va o‘zbek kitobxonlariga taqdim etildi.
O‘zbek shoirlari ichidan Abayga, Qozog‘istonga bag‘ishlab she’r yozmagan shoir yo‘q desak, mubolag‘a bo‘lmas. Ayni damda O‘zbekiston Qahramoni ustoz Abdulla Oripov do‘sti O‘ljas Sulaymonovga bag‘ishlab yozgan “Qozog‘iston” nomli mashhur she’ridagi shunday satrlar esimizga tushadi:
...Abay xikmatiyu Navoiy sozi
Ko‘rkam xonadonim muattar etgan.
Buyuk yaratganga bo‘lsin tavoze,
Udir baxtimizni barobar bitgan.
Diydor boshlab keldi, qani, uzat qo‘l!
O‘ljasim, jo‘ldosim, do‘stim, qarog‘im!
Ta’zim, ehtiromim aylagil qabul,
Ey ulkan qozog‘im, ulkan qozog‘im...

O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov O‘zbekistonda qozoq adabiyotiga bag‘ishlangan she’rida ikki qon-qardosh millatni egizak-tug‘ishganlar deya ta’riflaydi:
Mehmon o‘zi kimdir? – Abay, Jambuldir!
Mezbon o‘zi kimdir? – Jumanbulbuldir!
Fazogir Boyqo‘ng‘ir mehmondir bukun,
Olim Chirchiq esa mezbondir bugun.
Ohangar Bekobod qildi-yu taklif,
Ma’danchi Jesqazg‘an buyurdi tashrif.
Qo‘shiqning uyiga jirlar kelibdi,
Paxtazorga moviy qirlar kelibdi.
O‘zbekning uyida bukun jonajon
Egizak og‘asi bo‘lmoqda mehmon.

Bugun bu mushoirani O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro hamdo‘stligi taraqqiyotining yangi davrida biz davom ettirmoqdamiz, bizning yosh iste’dodli avlodlarimiz davom ettirmoqda.

Yaqindagina 100 nafar yosh qozoq shoirining she’rlaridan namunalar o‘zbek tilida yosh o‘zbek shoirlari tarjimasida nashr etilgan edi. Mumtoz va zamonaviy qozoq she’riyati namoyandalaridan 45 nafardan ziyod oqinlarning she’rlari Yangiboy Qo‘chqorov tarjimasida “Oqquv qanotiga qo‘ngan ohanglar” nomi bilan o‘zbek tilida nashr etilib, qozoq she’riyati ixlosmandlariga tuhfa etildi. Abdulla Rustamovning “Abay abadiyati” ilmiy-ommabop monografiyasi o‘zbek tilida bosmadan chiqdi, Qaldibek Seydanovning qozoq tilida nashr etilgan “Tug‘ishganlar” nomli yangi kitobi esa o‘zbek-qozoq adabiy aloqalari rivojiga bag‘ishlangani bilan diqqatga sazovor.

O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.