A Pro-ligada biryo‘la uchta jamoa peshqadamlik qilmoqda
Kecha A Pro-ligada 8-tur o‘yinlari o‘tkazildi va ularda qayd etilgan natijalar yakuniga musobaqa peshqadami o‘zgardi.
Kecha A Pro-ligada 8-tur o‘yinlari o‘tkazildi va ularda qayd etilgan natijalar yakuniga musobaqa peshqadami o‘zgardi.
6-turdan so‘ng G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi ta’qibchilaridan naqd 6 ochkoga ilgarilab ketgan va o‘shanda muxlislar orasida bu jamoa raqobatdan xolimi, degan savollar tug‘ilgandi. Ehtimol bu holat g‘uzorlik futbolchilarning “oyog‘i yerdan uzilishi”ga sabab bo‘lgandir. Ammo, ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan “Sho‘rtan” a’zolarini yerga tushirdi, desak xato bo‘lmas. Negaki, ular endi peshqadamlikni boy berishgan, boz ustiga raqobatchisi ham bitta emas.
Kecha g‘uzorlik futbolchilar Toshkentda “Oqtepa” jamoasi mehmoni bo‘lib, 2-1 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘yinning 15-daqiqasida Qodirov mezbonlarni oldinga olib chiqqandi. Lekin tanaffusdan keyin “Sho‘rtan” a’zosi Temirov muvozanatni tikladi. O‘yin shu hisobda yakuniga yetib borayotgan bir pallada Dilmurod Qodirov “Oqtepa” jamoasiga g‘alaba keltirgan to‘p muallifiga aylandi.
Farg‘onada esa viloyatning ikki vakili – “Istiqlol” hamda “Iftixor” jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi va unda Sardorbek Sotivoldiev tomonidan kiritilgan yagona gol “Istiqlol”ga g‘alaba taqdim etdi. Bu natija “Istiqlol”ni musobaqa peshqadamiga aylantirdi.
Xuddi shunday hisob Urganchda o‘tkazilgan “Xorazm” – “Neftchi” uchrashuvida ham qayd etildi. Faqat, bu yerda omad mehmonlarga kulib boqdi. Uchrashuvning 78-daqiqasida Alisher Abduvohidov tomonidan kiritilgan gol farg‘onalik futbolchilarning Urganchdan 3 ochko bilan qaytishlariga yetarli bo‘ldi.
Nihoyat so‘nggi o‘yin Muborakda o‘tkazilib, unda “Mash’al” jamoasi Samarqandning “Sherdor” klubini qabul qildi va 3-1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Shuni ta’kidlash joiz, ushbu bahs muborakliklar ustozi Aleksandr Xomyakovning “Mash’al”dagi oxirgi o‘yini edi va jamoa a’zolari murabbiyni a’lo kayfiyatda kuzatishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra Xomyakov tez orada superliga jamoalaridan birining boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi.
A Pro-liga, 8-tur
“Oqtepa” – “Sho‘rtan” – 2:1
Gollar: Sherzod Qodirov (15, 1:0), Sherzod Temirov (58, 1:1), Dilmurod Qodirov (90, 2:1).
“Istiqlol” – “Iftixor” – 1:0
Gol: Sardorbek Sotivoldiev (85-pen., 1:0)
“Xorazm” – “Neftchi” – 0:1
Gol: Alisher Abduvohidov (78, 0:1)
“Mash’al” – “Sherdor” – 3:1
Gollar: Tursunmurod Hamdamov (37, 1:0), Farrux Shotursunov (61, 1:1), Shokir Yo‘ldoshev (75-pen., 2:1), Shokir Yo‘ldoshev (86, 3:1).
8-turdan so‘ng A Pro-ligada “Istiqlol”, “Mash’al” va “Sho‘rtan” jamoalari bir xil – 15 ochkodan jamg‘argan holda yetakchilik qilishmoqda. Faqat, qo‘shimcha koeffitsientlarga ko‘ra “Istiqlol” birinchi pog‘onadan joy olib turibdi. “Mash’al” ikkinchi, “Sho‘rtan” esa uchinchi o‘rinda bormoqda. Ularning eng yaqin ta’qibchisi “Neftchi” hisobida 12 ochko bor.
Jadvalning quyi qismidan esa atigi 4 ochkoga ega “Iftixor” hamda 7 ochko jamg‘argan “Sherdor” jamoalari joy olib turishibdi.