Kitobxonlik tanlovida g‘olib bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar rag‘batlantiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tashning nufuzi va jozibadorligini oshirish, malakali harbiy kadrlarni tayyorlash hamda ularning salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan.
Loyiha bilan oliy harbiy, shuningdek, xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi kursantlar bilan 15 yilga shartnoma tuzish belgilanmoqda.

— Bugungi kunda yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda, — dedi fraksiya a’zosi Dilbar Mamajonova. — Jumladan, harbiy soha vakillari orasida ham kitobxonlik muhitini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada mazkur qonun loyihasi bilan respublika kitobxonlik tanlovida yuqori natijalarga erishgan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish nazarda tutilmoqda. Bu rag‘batlantirish chorasi harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda yana bir qator masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA