Mavsumga tayyorgarlik: xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda
Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Kasbi tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan “Isitish mavsumini xavfsiz boshlaylik” oyligi doirasida yong‘in va favqulodda vaziyatlar xavfi yuqori bo‘lgan “qizil hudud” mahallalarida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Tadbirlar davomida xonadonlardagi mo‘rilar tozalanib, nosoz gaz va elektr qurilmalarini ta’mirlash hamda ularni xavfsiz holatga keltirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, har bir inspektor kun davomida o‘ziga biriktirilgan mahallada 50 tagacha xonadon va ikkita ijtimoiy soha ob’ektini o‘rganib, aholiga yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar bermoqda.

Ayniqsa, sovuq kunlarda isitish qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalanish, mo‘rilarning tozalanmagani yoki gaz jihozlarining nosozligi yong‘in va is gazidan zaharlanish xavfini oshiradi. Shu bois profilaktik tadbirlar davomida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va xavfli holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur ishlar isitish mavsumini xavfsiz o‘tkazish, aholi hayoti va salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri