Sog‘lom avlod — buyuk kelajak poydevori
Bugungi kunda inson salomatligi jamiyat taraqqiyotining eng muhim mezonlaridan biri sifatida qaralmoqda. Zero, sog‘lom inson — faol inson. Faol inson esa oilasi, jamoasi va Vatani taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashaydi. Shu bois mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ommaviy sportni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ommaviy sportni keng ommalashtirishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar bugun ta’lim muassasalari hayotida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Bu borada Buxoro davlat pedagogika institutida yo‘lga qo‘yilayotgan ishlar e’tiborga molik. Institutda talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar hamda ishchi-xodimlar ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Xususan, institut bosh binosi hududidagi “Yoshlar bog‘i”da ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlarining yo‘lga qo‘yilgani ana shunday ezgu tashabbuslarning amaliy ko‘rinishidir.
Tong saharda inson tanasiga harakat, qalbiga esa tetiklik bag‘ishlaydi. Ertalabki mashqlar oddiy jismoniy harakatlar majmuasigina emas. U insonda intizom, iroda va o‘z salomatligiga mas’uliyat hissini shakllantiradi.
Institut jamoasi vakillarining har kungi faolligi ham ana shu haqiqatni namoyon etmoqda. Turli jismoniy mashqlar bajarilar ekan, ishtirokchilar nafaqat organizmni kunlik mehnat va o‘quv jarayoniga tayyorlamoqda, balki o‘zlarida faol hayot tarziga bo‘lgan ehtiyojni ham shakllantirmoqda. Ayniqsa, bunday mashg‘ulotlarning ochiq havoda, institut hududidagi ko‘rkam “Yoshlar bog‘i”da tashkil etilayotgani ularning ahamiyatini yanada oshirmoqda.


Tabiat qo‘ynida bajarilgan har bir mashq, sof havoda olingan har bir nafas, yangi kunni ko‘tarinki kayfiyatda boshlash — bularning barchasi insonning nafaqat jismoniy, balki ruhiy holatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ertalabki badantarbiya bilan cheklanib qolmayapti. Institutda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sport musobaqalarining ochilish marosimi ham o‘tkazildi.
Tadbirni institut rektori Bahodir Ma’murov ochib berdi. Unda talaba-yoshlar bilan bir qatorda professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlarning ham faol ishtirok etgani alohida ahamiyatga ega. Chunki sportda avlodlar o‘rtasidagi masofa qisqaradi. Bu yerda lavozim, yosh yoki kasb emas, harakat, mahorat, iroda va intilish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Sport maydonida talaba ham, ustoz ham bir maqsad sari intiladi. Kimdir chaqqonligi bilan, yana kimdir matonati va jamoaviy harakati bilan ajralib turadi. Ammo musobaqaning asl g‘olibi sog‘lom muhitdir.
Musobaqalar davomida ishtirokchilar sportning turli yo‘nalishlarida o‘z kuchlarini sinab, chaqqonlik, epchillik, jismoniy tayyorgarlik, iroda va jamoaviylik kabi muhim fazilatlarini namoyon etdilar.


— Institutimizda davlat rahbarining tashabbusi bilan haftaning chorshanba va shanba kunlari erta tongdanoq sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish, jamoada sog‘lom muhitni qaror toptirish hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga qaratilgan turli tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda, — deydi institutning Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Zarafshon Jalilov. — Bunday ezgu tashabbuslar, avvalo, inson salomatligini asrash va mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Darhaqiqat, jismoniy faollik insonning nafaqat tanasi, balki ruhiy holati va mehnat samaradorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ertalabki badantarbiya va sport mashg‘ulotlarida muntazam ishtirok etish xodimlar hamda talaba-yoshlarning kunni yaxshi kayfiyat, yuqori ishtiyoq va tetiklik bilan boshlashiga zamin yaratadi. Ayniqsa, kun davomida aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talaba-yoshlar uchun bunday mashg‘ulotlarning ahamiyati beqiyos. Jismoniy harakatdan so‘ng inson o‘zini yengil va tetik his qiladi, ish qobiliyati ortadi, diqqatni jamlash va samarali mehnat qilish imkoniyati yaxshilanadi. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar yoshlar ongida sog‘lom hayot tarziga amal qilish, sport bilan muntazam shug‘ullanish, o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashish kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Zero, sog‘lom avlod — yurtning mustahkam tayanchi, jismonan baquvvat va ma’nan yetuk insonlar esa jamiyat taraqqiyotining muhim omilidir. Shu ma’noda, institutimizda yo‘lga qo‘yilgan ertalabki jismoniy mashg‘ulotlar oddiy sport tadbiri emas, balki sog‘lom va faol hayot tarzini kundalik odatga aylantirishga qaratilgan ezgu tashabbus sifatida jamoa a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Eng muhimi, bunday bellashuvlar yoshlarga o‘z imkoniyatlarini anglash, qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazish, maqsad sari intilish va mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishni o‘rgatadi.
Aslida, sportning tarbiyaviy ahamiyati uning musobaqa natijasi bilan o‘lchanmaydi. Sport insonni intizomga o‘rgatadi. Intizom esa muvaffaqiyatning birinchi shartidir. Muntazam mashg‘ulot insonda sabr-toqatni shakllantiradi. Jamoaviy o‘yinlar hamjihatlikni kuchaytiradi. G‘alaba mas’uliyatni oshiradi, mag‘lubiyat esa yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi. Shu ma’noda Buxoro davlat pedagogika institutida tashkil etilayotgan sport tadbirlariga faqat jismoniy tarbiya mashg‘uloti sifatida qarash to‘g‘ri emas. Bu jarayon yosh avlodni hayotga tayyorlashning o‘ziga xos tarbiya maktabidir.


Bugun sport bilan shug‘ullangan talaba ertaga o‘z kasbiga ham mas’uliyat bilan yondashadi. Bugun jamoasi uchun harakat qilgan yosh ertaga jamiyat manfaatini ham shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yishni o‘rganadi.
Shu jihatdan qaraganda, sog‘lom turmush tarzi — shunchaki moda yoki muayyan davr talabi emas. U insonning kundalik hayot madaniyatiga aylanishi kerak. Pedagogika institutidagi bu jarayonning yana bir muhim jihati bor. Zero, bugungi talaba — ertangi o‘qituvchi. U kelajak avlodga nafaqat bilim, balki hayot tarzini ham o‘rgatadi. O‘z salomatligiga mas’uliyat bilan qaraydigan, sportni qadrlaydigan, faol va tashabbuskor pedagog esa o‘z o‘quvchilariga ham ana shu qadriyatlarni singdira oladi. Shuning uchun pedagog kadrlarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarida sog‘lom muhitni shakllantirish strategik ahamiyatga ega.
Bugun institutning “Yoshlar bog‘i”da ertalabki mashqlarni bajarayotgan yoshlarni ko‘rib, bir haqiqatga ishonch hosil qilish mumkin: kelajakda bolalarga ta’lim va tarbiya beradigan ustozlarning o‘zi ham sog‘lom, faol va kuchli bo‘lishi zarur.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqalar ham yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday tashabbuslarning qadri shundaki, ular yoshlarni telefon va virtual muhitdan sport maydoniga, tomoshabinlikdan ishtirokchilikka, befarqlikdan tashabbuskorlikka yetaklaydi.
Sport maydonidagi bir necha daqiqalik bellashuv ba’zan inson xarakterida yillar davomida saqlanib qoladigan saboqni beradi: maqsad bo‘lsa, harakat kerak; harakat bo‘lsa, natija albatta keladi. Bunday muhitda yoshlar nafaqat sport bilan shug‘ullanadi, balki do‘stlik, hamjihatlik, hurmat va raqobat madaniyatini ham o‘rganadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri