Sayohat va mutolaa
Ko‘zi ojizlar adabiyotni qanday his etadi? Ular uchun kitob faqat satrlar emas, balki butun bir olam. Adiblar xiyoboniga uyushtirilgan tashrif ushbu olam eshiklarini ochdi.
Adabiyotga muhabbat — adiblar hayoti va ijodini o‘rganish, ularning asarlaridagi ma’no va tuyg‘ularni anglashdan boshlanadi. Shunday kitobxonlar borki, ular nafaqat o‘qishadi, balki obrazlarning aniq ovozini eshitishadi ham. Kitob ular uchun shunchaki mutolaa manbai emas, u haqiqiy ziyo. Ko‘ngillarini va yo‘llarini yoritguvchi chiroq. Ularning ko‘zi ko‘rmasa-da, butun vujudi ko‘zga, quloqqa aylangan. Jaloliddin rumiy aytganidek:
Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil…
Bu misralar aynan ularning ramziy ifodasidir.

Ana shunday ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun Respublika markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi hamda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Yakkasaroy tumani bo‘limi hamkorligida Adiblar xiyoboniga ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad kitobxonlarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini boyitish, o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandasi Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Ekskursiya davomida ishtirokchilarga adibning hayot yo‘li, ijodiy faoliyati hamda o‘zbek romanchiligi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ma’lumot berildi. Adiblar xiyobonidagi adabiy muhit esa suhbatlarga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Tashrif yakunida kitobxonlar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ularga Abdulla Qodiriy asarlarini yanada ko‘proq mutolaa qilish, adib yaratgan obrazlar va ularda mujassam hayotiy saboqlar bilan yaqindan tanishish tavsiya etildi.
Ta’kidlash kerakki, bunday tashabbuslar ko‘zi ojiz kitobxonlarning jismoniy va ruhiy holatini yanada barqarorlashtiradi. Negaki, sayohat va mutolaa uyg‘unligi ular uchun eng muhim omil.
Sherbek Islomov, O‘zA