Harbiylar "Zakovat"da kuch sinashdi
Jizzax viloyatidagi harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan yoshlar uchun tashkil etilgan navbatdagi bahsda maydonni qurol-yarog‘ yoki jismoniy kuch emas, bilim va tafakkur egalladi. “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichida 13 jamoa o‘z bilimi va zukkoligini sinovdan o‘tkazdi.
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Jizzax harbiy prokuraturasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyat bo‘limi hamda yoshlar ishlari boshqarmasi hamkorligida harbiy xizmatchilar va xodimlar uchun bilim maydoni yaratildi.
Bahsda Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlar, DXX Chegara qo‘shinlari, Favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona boshqarmalari, Chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi hamda Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi jamoalari ishtirok etdi.
Savollar bir-biridan rang-barang. Ona tili va adabiyotdan tortib tarix, madaniyat, san’at, ilm-fan, sport hamda jahonda ro‘y berayotgan voqealargacha qamrab olingan savollar ishtirokchilardan nafaqat bilim, balki tezkorlik va mantiqiy mushohadani ham talab qildi. Jamoalar javobni birgalikda izlar ekan, har bir a’zo o‘z bilimi bilan umumiy natijaga hissa qo‘shishga intildi.
Ayrim savollar esa tayyor ma’lumotni eslashning o‘zi kifoya emasligini ko‘rsatdi. Nostandart yondashuv, vaziyatni tez anglash va to‘g‘ri qaror qabul qilish zarur bo‘ldi. Shu jihatdan “Zakovat” harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularning intellektual salohiyatini namoyon etishi uchun ham o‘ziga xos ma’naviy maydon vazifasini o‘tadi.
[gallery-31847]
Tadbirning ona tiliga bag‘ishlangani esa uning mazmuniga alohida ma’no bag‘ishladi. Zero, til – millatning tarixi, ma’naviyati va milliy o‘zligini asrab kelayotgan bebaho xazina. Uni bilish va qadrlash, ayniqsa, Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgan yoshlar uchun ham yuksak ma’naviy fazilatdir.
Davlat tilini rivojlantirish borasidagi bugungi ishlar zamirida aniq vazifalar bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida o‘zbek tilini ta’lim, ilm-fan va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan uyg‘un rivojlantirish, davlat tilidan samarali foydalanishni yanada kengaytirish vazifalari belgilangan. Bugungi kabi ma’rifiy tadbirlar ana shu vazifalarning yoshlar hayotidagi amaliy ifodalaridan biridir.
Qizg‘in kechgan bellashuv yakunida Davlat bojxona boshqarmasining “Merkuriy” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismning “Samo lochinlari” jamoasi ikkinchi, Milliy gvardiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi “Gvardiyachilar” hamda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining “Qutqaruvchi” jamoalari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va Harbiy prokuratura tomonidan diplom hamda kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari