Termiz tumanida shartnomaviy reja uddalandi
Surxondaryo viloyatining Termiz tumani paxtakorlari mamlakatimizda birinchi bo‘lib, xomashyo topshirish bo‘yicha sharnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi.
Dehqonchilik uchun ob-havo noqulay kelib, suv tanqisligi kuzatilgan yilda tumandagi fermer va klaster xo‘jaliklari ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llab, hosildor navlar hamda zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalangani yutuqlar omili bo‘ldi. Peshqadam tuman mirishkorlari shartnomaviy rejani 103,4 foizga bajarib, shu kungacha 10 ming 984 tonna sifatli xomashyo topshirdi.
Joriy yil paxta hosili uchun 2 ming gektardan ortiq maydonda g‘o‘za parvarishlagan paxtakorlar har gektar maydondan o‘rtacha 53-55 sentnerdan sifatli hosil oldi. "Jahongir Bahoriston", "Qoraxon Yangiariq", "Umr", "Baxriyor Yangiariq Surxon", "Zuhriddin Namuna", "Sharof Mohinur" kabi fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasteri gektaridan 80 sentnergacha xirmon ko‘tardi.

Qisqa kunlarda yillik rejani bajargan tumanda yig‘im-terim qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri