Nuroniylar uchun temir yo‘l chiptalariga 20 foiz chegirma e’lon qilindi
O‘zbekistonda keksa avlodga ehtirom yana bir amaliy qadamda namoyon bo‘lmoqda. Nuroniylar uchun mamlakat bo‘ylab sayohatlarni rag‘batlantirish maqsadida temir yo‘llarda maxsus imtiyozlar taqdim etilmoqda. Bu imkoniyatdan kimlar va qaysi shartlar asosida foydalanishi mumkin?
Keksalarni e’zozlash, ularga ehtiromda bo‘lish millatimizning yuksak fazilatlaridan biri. Zero, yurtimizda ham ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratiladi.
“Keksalar haftaligi” hamda “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida nuroniylarning mamlakatimiz bo‘ylab sayohatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida temir yo‘l chiptalarining tarif qismidan 20 foiz chegirma taqdim etiladi.
Mazkur imtiyozdan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan 55 yoshdan yuqori ayollar va 60 yoshdan yuqori erkaklar — nuroniy nafaqaxo‘rlar foydalanishlari mumkin.
Chegirma har yili quyidagi davrlarda amal qiladi:
2–8-oktabr — “Keksalar haftaligi”;
1–30-noyabr — “Keksalar uchun turizm oyligi”.
Qayd etilishicha, imtiyoz barcha mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlarga tatbiq etiladi. Tezyurar “Afrosiyob” elektropoyezdi bundan mustasno.
Chegirmali chiptalarni onlayn tarzda hamda temir yo‘l chiptaxonalari orqali rasmiylashtirish mumkin.
Sherbek Islomov, O‘zA