Bo‘ka tajribasi xalqaro ekspertlar e’tiborida
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro forumlar doirasida Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi, FAO, JST, UNIDO, UNCTAD va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy ekspertlar Bo‘ka tumanida bo‘lib, hududda paxtachilikni rivojlantirish borasida to‘plangan ilg‘or tajriba bilan tanishdi.
Xalqaro delegatsiya vakillarini Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari X. Qoraboyev, Bo‘ka tumani hokimi M. Abdazimov, viloyat Fermerlar kengashi raisi Sh. Do‘stbekov, tuman IIB boshlig‘i A. G‘ulomov hamda “Agroxizmatlar markazi” (AKIS) vakillari boshchiligidagi mas’ullar kutib oldi.
Dastlab mutaxassislar hududidagi “Yosh Sunnatilla” va “Azizova Shohida” fermer xo‘jaliklarining paxta maydonlarida bo‘ldi. Bu yerda Xitoyning “Shin Lu Zong 87” va Ispaniyaning “Novella” navlari asosida yetishtirilgan paxta hosili, ularni parvarishlash jarayoni hamda qo‘llanilayotgan agrotexnologiyalar bilan tanishildi.

Mutaxassislar xorijiy mehmonlarga mazkur navlarning o‘ziga xos xususiyatlari, yetishtirish agrotexnikasi, parvarishlash usullari va hosildorlik ko‘rsatkichlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ekspertlar fermerlar bilan bevosita muloqot qilib, paxtachilik amaliyotiga oid savollariga javob oldi.
Tashrifning amaliy ahamiyatini oshirgan jihatlardan biri zamonaviy paxta terish kombayni ish jarayonining namoyishi bo‘ldi. Delegatsiya vakillari hosilni mexanizatsiyalashgan usulda yig‘ib olish jarayonini kuzatib, zamonaviy texnikaning imkoniyatlari va uning mehnat samaradorligini oshirishdagi ahamiyati bilan tanishdi.

Shundan so‘ng xalqaro delegatsiya Navoiy hududidagi “Xurram Rustam” fermer xo‘jaligining paxta maydoniga bordi. Mehmonlarga paxtani plyonka ostida yetishtirish texnologiyasi, uni qo‘llash tartibi, ekinlarni parvarishlashning o‘ziga xos jihatlari va mazkur usulning ishlab chiqarish samaradorligini oshirishdagi ahamiyati tushuntirildi.

Bo‘ka tumanidagi ushbu tajribalar paxtachilikda xorijiy seleksiya navlarini sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy etish, zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish hamda hosildorlikni oshirish borasidagi izlanishlarning amaliy ifodasidir.
Xalqaro ekspertlarning hududdagi paxtachilik tajribasi bilan tanishuvi mahalliy fermerlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda sohadagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Musayev,O‘zA