Tunis va Liviya hamkorligi muhokama qilindi
Tunis va Liviya ichki ishlar vazirlari Xolid An-Nuriy va Imod Mustafo At-Trabulsiy Tripolida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat xavfsizlik sohasidagi hamkorligini kuchaytirish, chegara orqali yo‘lovchilar harakatini yengillashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Tunis IIV bayonotiga ko‘ra, tomonlar xavfsizlik tizimlari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud muvofiqlashtirish mexanizmlarini mustahkamlashga tayyorliklarini bildirgan. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Shuningdek, muloqot chog‘ida fuqarolar chegaradan erkin va qulay o‘tishini ta’minlash asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
Mazkur uchrashuv Tunis Prezidenti Qois Said va Liviya Prezidentlik kengashi rahbari Muhammad Al-Manfiy o‘rtasida sentabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan telefon muloqotining mantiqiy davomidir. O‘shanda ham o‘zaro bordi-keldi va tovar aylanmasini soddalashtirish zarurligi ta’kidlangan edi.
Tunis va Liviyani 500 kilometrga yaqin umumiy quruqlik chegarasi bog‘lab turadi. O‘zaro asosiy qatnov Ras-Jadir hamda Zahiba Vozin o‘tkazish manzili orqali amalga oshiriladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA