Ko‘ngilni havolantirish saodatdir
Ko‘pdan ko‘p tafsilotlarni ko‘rib-kuzatib, ancha yillardan beri bitta xulosaga kelganman: Denovda inson uchun qusur hisoblangan hamma narsani qilish va hattoki g‘ozday bo‘lib yurish mumkin, ammo bu yerda adolatsizlikni ya’ni umuminsoniy qadriyatlar majmuasining ulgusi o‘laroq qaror topgan ijtimoiy mezonlarni oyoqosti qilsangiz, choyxona iboralari bilan aytganda “oq”ni “qora” yo “qora”ni “oq” desangiz va faoliyatingizni shu asosga qursangiz, denovliklar kechirmaydilar va o‘zlari ham g‘ayri shuuriy jazava bilan boshingizga shunday kunlarni soladilarki, qochgani joy topolmay qolasiz.
To‘g‘ri, zamon ofatlarining salmog‘iga yetib bo‘lmaydi – ular muborak hadislarda birma-bir sanalgan va ulardan omon qolish yo‘llari ham bayon qilingan : Payg‘ambarimiz Muhammad solollohu alayhi vassalamning sunnatlariga amal qilmoq ! O-o, bu–oson ekanmi! Imom A’zam Hazratlari qozi bo‘lmaslik uchun o‘zini jinnilikka solgan va taklifni rad etganligi uchun zindonband qilishgan. Xuddi Imom A’zam hazratlari zamonidek qozi bo‘lmoq uchun pora bermoqqa tayyormiz! Bu tafsilotlarni aytish bilan bundan ming yillar ilgari hamma Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning sunnatlariga mahkam yopishgan edi, hozir unday emas, hamma imonsiz bo‘lib ketdi degan fikrni mutlaqo aytmoqchi emasman – Odamzod hozir qanday bo‘lsa ming yil ilgari ham tabiatan xuddi shunday edi: poraxo‘rlik, zinokorlik, haromxo‘rlik, adolatsizlik... ehtiyojga yarasha, faqat AQSHning dollarlari bo‘lmagan halos. Chunki, u zamonlarda qog‘oz pullar bo‘lmaganidan hozir hatto olib yurish taqiqlangan tangalarni... odamlar charm xaltachalarga solib, olib yurishgan, hojatini bitirmoq uchun ana shu oltin tangalarni xarajat qilishgan – odamning hatto ichi achiydi! Imom A’zam hazratlari nega bugunning iborasi bilan aytganda Oliy Sud Raisligi vazifasini qabul qilishdan ko‘ra o‘zini jinnilikka solib, zindonda yotishni , u yerda kaltaklanishni a’lo bildi? Chunki, ul zot Allohning qahridan, jahannamning otashidan benihoya darajada ko‘p qo‘rqar edilar. Ana shunday muborak odamlar borligi uchun ham tog‘lar joyida turipti, aks holda ular qum zarralari singari osmonu-falakda uchib yurar edilar!
Ta’nasiz qilingan xizmat odamning ko‘ksini tog‘day ko‘taradi degan gaplarni ulamolarning kitoblarida o‘qiganmiz. Agar odamning ko‘ksi baland bo‘lsa, duch kelgan odam unga oyoq qo‘yolmas ekan-da,–denovlik uddaburonlar Yunus O‘roqovni yo‘rig‘iga yurgizolmaganligining sababi ham, balki shundandir.
Denov tibbiyot tizimida olib borilayotgan samarali ishlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ammo bu ishlar jarayonida Yunus O‘roqovning ishtiroki ko‘zga tashlanmaydi – shunday ko‘p ishlarni, eng muhimi 3,5 mingga yaqin kishi tizimda ishlaydigan tashkilotdagi ahillik, ko‘taringki kayfiyat, fidokorlik kabi ishlarni amalga oshirib, 350 bemorga donorlik qilib qon berib hech narsa bo‘lmaganday nazardan chetda jim turish uchun... odam qanday bo‘lishi kerak? Bosh tabib o‘z qonini kasallariga berish... Axir, bir tadbirkor ko‘chaga bir tup ko‘chat eksa, televizorni hech kimga bermaydi, Yunus O‘roqov tumandagi katta tizimida shuncha ishlar qilsa-yu, hech narsa qilmaganday miq etmay yursa... Farzandlaringizni halol luqma bilan boqing degan hadislarni endi-endi o‘qiyapmiz. Hozir ham xuddi avvalgi zamonlardagidek katta-katta amaldorlarning farzandlari noqobil chiqqaniga hayron qolib yuramiz.
Harom mol, agar u tanovvul etilsa, ko‘ngilni o‘ldirib, yuzni qora, imonni parokanda qilishiga iqror bo‘lmaslikning mutlaqo iloji yo‘q.
Denovda pul daryo bo‘lib oqadi, faqat ko‘zga ko‘rinmaydi, xalos. Bu yerda nafaqat tumanning, balki viloyatning ob-havosini belgilaydigan shunday puldorlar borki, XX asrda “men-menman” degan tuman “og‘a”larini “o‘ziniki” qilib olgan. Xonasi keldi, XX asrning yetmishinchi yillaridan bir rivoyat qilib berayin: tuman og‘asi shahar savdo tashkilotining rahbarini huzuriga chaqirib falon bichimdagi, falon tusli ikki juft kostyum toping deb amr qilipti. Bir hafta o‘n-kunda buyurtma hozir bo‘lavermagach, zudlik bilan haligi rahbarni chaqirib: “Nega yo‘q bo‘lib ketdingiz?” debdi. “E, falonchi aka odamlarimiz Dushanbega ham borib keldi, siz aytgan kostyum hech joyda yo‘q” desa, saltanat sohibi “Leningradda ham yo‘q, ekanmi!” degan ekan.
Yaqindagi bir holatni ham aytib o‘tish lozimga o‘xshaydi. Tuman tashkilot rahbarlaridan biri denovlik bir yigit bilan bir xil kostyum-shimda davra aylanib yuripti. O‘tirganlardan biri : ko‘ryapsizmi, shu yigit ertaga katta bo‘ladi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, bir hafta o‘tar-o‘tmas o‘sha yigit katta ishga o‘tib ketdi.
Men ko‘p yillardan beri radio eshitaman. Ishxonamda radio bor. Men sizga aytsam musiqa tinglash masalasida ba’zilardek emasman. Otajon Xudoyshukurov aytgan “Xorazm segohi”, “Katta suvoralar”ni tinglash uchun xamma ishlarimni yig‘ishtirib qo‘yaman. Dilnura Qodirjonovaning avjlari ham meni hayratga soladi. Men aytaman: endi bu avjlarga hech kimning qo‘li yetmaydi. Qabring nurga to‘lgur Dilnura mumtoz qo‘shiqlar ijrosini shu darajada balandga ko‘tarib tashladiki, uning poyida hali ko‘p yillar ming‘irlab yursak kerak. Sizga bir gapni aytayinmi – qabring nurga to‘lgur Otajon Xudoyshukurovning, Dilnura Qodirjonovalarning avjlari odamni ko‘nglini tog‘day ko‘taradi! “Ko‘taradi” degan ibora juda g‘arib bunday qo‘shiqlarni eshitgan odam havolanadi: ana shu ibora to‘g‘ri! Ko‘ngilni havolantirish esa – saodatdir : men har safar “Lison ut tayr”ning oxiriga borganda shunday kayfiyatga tushib qolaman. Vujudimga allaqanday kuch quyilib kela boshlaydi. Ko‘ngilning havolanishida esa gap ko‘p : qo‘ltig‘ingizdan go‘yoki qanot o‘sib chiqadi, odim otganingizda oyog‘ingiz yerdan uziladi, osmon-falaklarga uchgingiz kelaveradi. Qaysidir yili Zayniddin Zidan rahbarligida farang fudbolchilari jaxon chempioni bo‘lishdi: xalq bundan havolanib ketdi va mamlakat bo‘yicha mehnat unumdorligi yigirma foizga o‘sdi! Axir, Farobiy hazratlari “Navro‘zi olam” bilan kun sayin yurt firog‘ida tonglari sarg‘ayib borayotgan tutqunlarni davolaganligi bizga manbalardan ma’lumku!
Men aytaman : maromiga yetkazib ijro etilgan mumtoz ashula aslida zikrdir! Shuning uchun unga daxl qilish, o‘zining xolidan behabar qo‘l urish, uning o‘ziga... moslashtirib ijro etish xalqning yuragiga burov solish bilan barobar gunohdir, gumrohlikdir!
Yaxshi gapning, yaxshi so‘zning, yaxshi ashulaning g‘amxo‘ri, ichkuyari, bor – muxlislari, xalq!
Bashariyat tarixi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yuksalishlar qurshovida. Bu holatlar osoyishtaligimizni ta’minlab beradi, degani emas. Aksincha, mavjud xarakatdagi tizim faoliyatiga turli yo‘llar bilan rahna solishga urinishlar bo‘lishi shubhasizligini anglatadi. Biz istaymizmi – yo‘qmi bu ko‘xna olam shunday yaralgan. Ona tuprog‘imiz o‘z-o‘zidan obod bo‘lmagan. Birinchi Prezidentimiz ulug‘ minbarlardan turib, xammani bir yoqadan bosh chiqarib, oldinga talpinishga chorlar edi. Odamlar ishonchini qozonib, ularning qora qozoni qaynab turishini ta’minlashning o‘zi ulkan baxt edi. Hozir ham qiyinchilik damlarini yodga olsam, badanim seskanib ketadi. Boisi, ko‘pchilikning keyingi taqdiri qanday kechar ekan, degan o‘y bilan yashaganman. Og‘ir sinovli yillar davrida hokimiyat tizimida oddiy xodim bo‘lib ishlash ham kishiga jiddiy ma’suliyat yuklardi. Biroq, menga odamlarning taqdiri bilan bog‘liq ma’suliyatli vazifa ishonib topshirilgan edi-da. “Mana senga to‘kin hayot, mana maqsading sari oydin yo‘l, qani marhamat”. demagan hech kim. Hammasi boshidan boshlangan: el dardiga malham bo‘lish uchun bor imkondan foydalanishga xarakat qilingan edi. Bu gaplarni shunchaki aytib bo‘lmaydi. Qaxatchilik – naqd jaxannam olovini purkardi. Yo‘qchilikning nafasi bosh suqmagan ostona qolmagandi. Shunda xalq jipslashdi, qo‘lni-qo‘lga berib, birgalikda manzil tomon xarakat qilindi. Tahlikali kezlarda men Vatanim uchun nima qilishim kerak, degan o‘y barchaning qalbiga muxrlandi. Ayni ushbu pallalarda xalqning matonati yana bir karra ko‘rikdan o‘tdi. Xa, bu gaplar Vatan uchun jonim fido, degan har bir kishi uchun ibratdir. Unutmaslik lozimki, Mustaqillik deklaratsiyasi O‘zbekistondek aholisi turmush darajasi nihoyatda past bo‘lgan davlat boshiga ne-ne azobu ko‘rgiliklarni solishi muqarrar bir vaziyatda qilingan odilona qaror natijasi edi, albatta. Erkinlikka shunchaki erishilmagani, bu yo‘lda chekilgan xasratlar yuzaki to‘qima yoki afsona emas. Shu xujjat asosida boshqa qonunlarimizga sekin-asta tartib berildi. Bosh qomusimiz qabul qilindi. Xuquqiy kafolatlangan jamiyatdagi o‘zgarishlar, yuksalishlar esa nafaqat o‘zimizni, balki dunyo ahlini lol qoldirdi. Yo‘lga chiqqan karvonimiz bilan jaxonga bo‘y ko‘rsatdik. Aytish mumkin-ki, bu–mustaqilligimizni g‘oyatda qadrlashga hamda shu el uchun bor g‘ayrat – shijoat bilan mehnat qilishga chorlaydi. Eng oliy ne’mat ham shu emasmi?!
Toshtemir Turdiyev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Denov tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi rahbari.