JARda muhojirlarga qarshi namoyishlar sabab boshpana so‘rab berilgan arizalar qabuli to‘xtadi
Janubiy Afrika Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoxannesburg va Durbanda muhojirlarga qarshi zo‘ravonlik bilan kechgan namoyishlardan so‘ng boshpana so‘rab taqdim etilgan arizalarni qabul qilish tartibiga oid ko‘rsatmani bekor qildi.
Ushbu hujjat mamlakatga noqonuniy kirib kelgan shaxslarning qochqinlarga boshpana berish tizimidan foydalanishini taqiqlash noqonuniy deb topilgan Konstitutsiyaviy sud qarori asosida chiqarilgan edi.
JAR Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, ariza ko‘rib chiqiladigan markazlarga keluvchilar oqimi haddan tashqari ko‘paygan. Bu xodimlar xavfsizligiga tahdid solib, jamoat tartibi buzilishiga olib kelgan. Hukumat Konstitutsiyaviy sud qarori haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilganini ta’kidlab, mazkur qaror asosida noqonuniy muhojirlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qochqin maqomi yoki doimiy yashash huquqi berilmasligini eslatdi.
Ikki yirik shahardagi tartibsizlik chog‘ida namoyishchilar 24 avtomobilni yoqib yuborgan, chet elliklarga tegishli do‘konlar talon-taroj qilingan. IIV va politsiya vakillari xabar berishicha, ko‘rilgan tezkor chora natijasida hududlarda vaziyat barqarorlashgan.
Ushbu mamlakatda mahalliy aholi orasida ayrimlar muhojirlarni ishsizlik, jinoyatchilik va davlat xizmati sohasidagi muammolarni keltirib chiqarishda ayblayapti. Tadqiqotchilar esa ayni da’voni asossiz deb hisoblaydi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA