Ta’lim tizim: “Andijon tajribasi” bilan tanishuv
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlaridan iborat delegatsiya Andijon viloyatida bo‘lib, ta’lim tizimida yo‘lga qo‘yilgan “Andijon tajribasi” bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlar dastlab Andijon shahridagi 13-umumta’lim maktabida bo‘lishdi. Bu yerda Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Shukurov tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan yangi tashabbuslar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda bolalarda bog‘cha yoshidanoq kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, “Dual ta’lim” asosida oliy ta’lim muassasalari talabalarini ta’lim tashkilotlariga biriktirish hamda “Kelajak meniki!” loyihasi orqali 7–11 sinf o‘quvchilarining qiziqishlari va kelajakdagi rejalarini aniqlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
[gallery-31838]
Shundan so‘ng mazkur maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan “Monomarkaz” faoliyati bilan tanishildi.
Tashrifning keyingi manzili Andijon shahridagi 41-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Bu yerda bolalarda kichik yoshdan boshlab kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy mashg‘ulotlar namoyish etildi.
Mehmonlar “Andijon-Huanya” xalqaro texnikumida dual ta’lim asosida tashkil etilgan o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar jarayonini ham ko‘zdan kechirdi.
Bugungi kunda viloyatda bog‘cha yoshidagi bolalarni boshlang‘ich ta’limga qamrash, tarbiyalanuvchilarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilarga kasb-hunar o‘rgatish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.
Ayni kunda Andijon viloyatida 1 ta prezident, 18 ta ijod va ixtisoslashtirilgan, 762 ta umumiy hamda 50 ta nodavlat, jami 831 ta maktab, shuningdek, 558 ta davlat, 15 ta xususiy, 259 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 3 ming 215 ta oilaviy, jami 4 ming 47 ta bog‘cha faoliyat olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.