“Kamolot” kubogi uchun bahslar boshlandi
Poytaxtimizdagi 43-bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘smirlar, yoshlar va qizlar o‘rtasida penchak silat bo‘yicha “Kamolot” kubogi musobaqasi boshlandi.
Poytaxtimizdagi 43-bolalar va o‘smirlar sport maktabida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va Penchak silat federatsiyasi hamkorligida o‘smirlar, yoshlar va qizlar o‘rtasida penchak silat bo‘yicha “Kamolot” kubogi musobaqasi boshlandi.Musobaqaning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bu borada “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, “Kamolot” malikasi”, “Kamolot” nihollari”, “Kamolot” g‘unchalari”, “Kamolot” shaxmat taxtasi”, badminton, karate bo‘yicha “Kamolot” kubogi”, velosport bo‘yicha “Kamolot-tur” musobaqalari, “Biz sog‘lom turmush tarzini tanlaymiz!” marafoni yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Taniqli sportchilar ishtirokidagi uchrashuvlar o‘g‘il-qizlarning sportga qiziqishini tobora oshirmoqda.
Ushbu musobaqa ham o‘smir va yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga keng jalb qilish, terma jamoamiz safini mahoratli sportchilar bilan to‘ldirishga xizmat qiladi.
Musobaqada yurtimizning barcha viloyatidan kelgan 150 dan ziyod sportchi kompleks mashq bajarish va yakkama-yakka bahslar bo‘yicha kuch sinashmoqda.