65-Xalqaro gullar festivali arafasida “Mening hissam” aksiyasi bo‘lib o‘tdi
Namangan viloyati Namangan shahrida 65-Xalqaro gullar festivali arafasida “Gullar ekish va go‘zallik yaratish uchun mening hissam” nomli aksiya tashkil etildi.
Mazkur tadbir festivalga munosib tayyorgarlik ko‘rish, shahar husniga husn qo‘shish hamda Namanganning gullar shahri sifatidagi nufuzini yanada oshirish maqsadida o‘tkazildi.
Aksiyada jurnalistlar, blogerlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda hokimlik mas’ullari faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida shaharning turli hududlarida rang-barang gullar ekilib, yashil maydonlarni kengaytirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbusning asosiy maqsadlaridan biri — 65-Xalqaro gullar festivalini yuqori saviyada o‘tkazishga hissa qo‘shish va festivalni yanada keng targ‘ib qilishdan iborat. Shuningdek, Namanganda yaratilayotgan go‘zal manzaralar orqali Ginnes rekordlar kitobiga kirish uchun ham harakat olib borilayotgani qayd etildi.
Ishtirokchilar bu kabi aksiyalar nafaqat shahar ko‘rkini oshirish, balki aholi o‘rtasida tabiatga mehr, ekologik madaniyat va jamoatchilik birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun, Namanganda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro gullar festivali nafaqat yurtimiz, balki xorijiy sayyohlarning ham katta qiziqishiga sabab bo‘lib kelmoqda.
<iframe width="830" height="467" src="https://www.youtube.com/embed/5LnwL4Wr0f8" title="65-Xalqaro gullar festivali arafasida “Mening hissam” aksiyasi bo`lib o`tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tohir Tursunov, O‘zA