Toza atrof-muhitda yashash huquqingizni bilasizmi?
Insoniyat sivilizatsiyasi rivojlangan sari, yashash uchun zarur bo‘lgan eng asosiy ne’matlar — toza havo, sof suv va unumdor tuproqni saqlab qolish global muammoga aylanib bormoqda.
Bugungi kunda qulay tabiiy sharoitda hayot kechirish nafaqat jismoniy ehtiyoj, balki har bir insonning ajralmas va fundamental huquqidir. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida atrof-muhit muhofazasi va ekologik xavfsizlik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida mustahkamlandi. Nega bu huquq boshqa huquqlardan farq qiladi? Ko‘pchilik inson huquqlari deganda siyosiy huquqlarni — saylov, so‘z erkinligi — yoki ijtimoiy huquqlarni — ta’lim, ish — o‘ylaydi. Atrof-muhit huquqi bulardan farqli, chunki u boshqa barcha huquqlarning asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti, Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Sarbinaz Rasbergenova bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Hayot huquqi. Kimdir toza suvsiz, zaharli havoda yashay olmaydi. Demak, ifloslangan muhit — bu hayot huquqiga tahdid. Sog‘liq huquqi. Ifloslangan suv, havo va tuproq — bu kasallik. Kasallik esa mehnat, o‘qish, oilani boqish imkonini yo‘q qiladi. Bolalar huquqi. Bolalar kattalardan ko‘ra ekologik zararga ko‘proq sezgir. Ularning o‘sib-rivojlanish huquqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri atrof-muhit sifatiga bog‘liq.
Butun bir xalqning huquqi buzilganda nima bo‘ladi? O‘zbekiston uchun bu huquqning eng yorqin va og‘riqli misoli Orol dengizi fojiasi. XX asrning o‘rtalaridan boshlab sun’iy sug‘orish tizimi sabab Orol dengizi qurib bordi. 1960-yillarda 68 000 kvadrat kilometr bo‘lgan dengiz hozir qolgan kichik qismiga aylandi. Bu faqat tabiat uchun fojia emas. Orolbo‘yi aholisi millionlarcha odam buning oqibatlarini o‘z tanasida his qildi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Orolbo‘yi mintaqasida bolalar o‘rtasida anemiya (qon kamlik) ko‘rsatkichi O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan ikki barobar yuqori. Tug‘ma nuqsonlar ko‘rsatkichi ham sezilarli darajada balandroq. Bu statistika emas, bu huquqi buzilgan bolalarning taqdiri. Ayni shu sababdan O‘zbekiston bu masalani xalqaro maydonda — BMT Bosh assambleyasi minbarida ham doimo ko‘taradi. Chunki Orol fojiasi bu millionlarning sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqi poymol etilganining yaqqol namunasidir.
Kimlar bu huquqni buzishi mumkin va bu qanday ko‘rinadi?
Sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqi ko‘pincha uch tomondan buziladi. 1. Korxonalar va zavodlar. Ruxsatsiz chiqindilar tashlanishi, tutun chiqarish normalarini buzish, yerosti suvlarini ifloslashtirish — bularning barchasi huquq buzilishi. Qonun bo‘yicha har qanday korxona ekologik ruxsatnoma olishi va belgilangan me’yorlardan oshmasligi kerak. 2. Davlat organlari (e’tiborsizlik bilan). Masalan, ifloslangan suv haqida shikoyatlar kelsa ham muammoni bartaraf etmasa — bu ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. 3. Qurilish va loyiha tashkilotlari. Yashil maydonlarni qonunsiz qurish, ko‘chatlarni kesish, suv havzalarini ko‘mish — bular fuqarolarning huquqini buzadi.
Hayotdan misol Toshkent viloyatidagi bir qishloqda, zavod yaqinida yashovchi fuqarolar quduqlarida suvning rangini va hidini o‘zgarganini sezdi. Tekshiruv o‘tkazilganda zavod chiqindilari yerosti suvlariga o‘tgani aniqlandi. Bu holat «Tabiatni muhofaza qilish» qonunining 17-moddasi buzilishi va fuqarolar huquqining poymol etilishi hisoblanadi. Aybdor korxona jarimaga tortildi va zararni qoplashga majbur etildi. Sizning huquqingiz, buzilsa, nima qilish kerak? Qadam-baqadam yo‘riqnoma Ko‘pchilik «nima ham qila olaman» deb o‘ylaydi. Aslida qonun sizga aniq yo‘l ko‘rsatgan. Mana o‘sha yo‘l: 1-qadam: Faktni qayd eting. Ifloslanish, noxush hid, chiqindi bularni rasmlarga oling, sanasini yozing, guvohlarni aniqlang. Dalil — sizning kuchingiz. 2-qadam: Mahalliy ekologiya inspeksiyasiga murojaat qiling. Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar davlat qo‘mitasining viloyat bo‘limlariga yozma ariza bering. Ariza 30 kun ichida ko‘rib chiqilishi shart (Ma’muriy protsessual kodeks asosida). 3-qadam: Prokuraturaga murojaat qiling. Agar inspeksiya javob bermasa yoki choralar ko‘rilmasa, prokuratura qonun ustuvorligini ta’minlash uchun majburiy aralashishi kerak. 4-qadam: Ombudsmanga yozing. Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) davlat organlari e’tiborsizligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi. Murojaat bepul. 5-qadam: Sudga murojaat qiling. «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun sudga murojaat qilish huquqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafolatlaydi. Sud orqali siz zarar to‘lattirishni, faoliyatni to‘xtattirishni talab qilishingiz mumkin.
Xulosa shuki, toza muhit — bu sovg‘a emas, bu sizning huquqingiz Toza havo — bu imtiyoz emas. Yashil mahallamiz, sog‘lom bolalarimiz — bu bizning qonuniy huquqimiz. Va bu huquq O‘zbekiston Konstitutsiyasida, xalqaro shartnomalarida va milliy qonunchiligimizda aniq yozilgan. Sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqi ko‘pincha «ekologlarning ishi» deb qabul qilinadi. Aslida bu har bir fuqaroning ishi. Chunki bu huquqni bilgan va undan foydalanadigan fuqarolar ko‘payganida davlat ham, korxonalar ham ko‘proq mas’uliyat his qilishga majbur bo‘ladi.
Keyingi safar mahallangizda noxush hid sezsangiz, bolangiz zavod tutunidan yo‘talsa yoki qudug‘ingiz suvi o‘zgarsa eslab qoling: siz o‘z huquqingizdan foydalanmayapsiz.
G.Boboyeva,O‘zA