500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni taklif etildi
Guliston shahridagi «Kelajak» markazida yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi tashabbusi bilan shahar soliq inspeksiyasi va hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda 30 dan ortiq yirik korxona, tashkilot va xususiy tadbirkorlar 500 dan ziyod bo‘sh ish o‘rnini taklif qildi.
Mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish va kasbiy faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar uchun yarmarkada ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot olish uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Tadbir davlatimiz rahbarining yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishga qaratilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

Yarmarkaning amaliy natijalari ham e’tiborga molik. Bugungi kunga qadar soliq organlari ko‘magida 52 nafar yoshning rasmiy bandligi ta’minlangan bo‘lsa, tadbirga tashrif buyurgan 200 nafardan ortiq yoshdan 30 nafari o‘z hayotida ilk bor mehnat shartnomasini imzoladi.

Bu esa yoshlarning rasmiy mehnat munosabatlariga kirib, o‘z mehnati orqali daromad topishi va kasbiy tajriba orttirishi uchun muhim qadamdir. Ilk mehnat shartnomasining imzolanishi yoshlar hayotida mustaqillik sari tashlangan dadil qadam sifatida ham ahamiyatli.
— Bugungi mehnat yarmarkasi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni rasmiy mehnat munosabatlariga jalb etish va munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, yoshlarning ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilishi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishishi va o‘z qiziqishi hamda imkoniyatlariga mos kasbni tanlashi uchun qulay sharoit yaratildi. E’tiborlisi, yarmarka davomida o‘nlab yoshlarning ilk bor mehnat shartnomasini imzolagani tadbirning amaliy natijasidir. Bunday tashabbuslarni viloyatning barcha hududlarida davom ettirish orqali yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga yanada keng ko‘mak beramiz, — deydi Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Tavboyev.

Yarmarka doirasida yoshlar uchun yana bir muhim imkoniyat — yirik ishlab chiqarish korxonalariga ekskursiyalar tashkil etilgani bo‘ldi. Ular davomida ishtirokchilar ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar, mehnat sharoitlari va turli kasb yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishishdi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarga faqat ish topish emas, balki o‘z qobiliyati va qiziqishlariga mos kasbni tanlash, kelgusi faoliyatini rejalashtirish va mehnat bozori talablarini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Gulistondagi mehnat yarmarkasida 500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rnining taklif etilgani, o‘nlab yoshlarning rasmiy mehnat faoliyatini boshlagani yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar aniq natijalar bilan boyib borayotganini ko‘rsatadi. Bunday tashabbuslarni viloyatning boshqa hududlarida ham izchil davom ettirish orqali yoshlarning munosib ish va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga keng yo‘l ochiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri