46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi: Ilk turdagi raqiblarimiz – Yamayka hamda Trinidad va Tobago jamoalari
Bugun, 16-sentabr kuni Samarqand shahridagi «Silk Road» xalqaro turizm markazida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Aytish lozimki, shaxmat olimpiadasining asosan erkaklardan iborat ochiq musobaqalarda 207 ta jamoa, ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa 191 ta jamoa qayd etilgan.
Bugun o‘tkaziladigan 1-tur o‘yinlarining ochiq musobaqalarida O‘zbekiston-1 Yamayka terma jamoasi bilan, O‘zbekiston-2 Afg‘oniston va O‘zbekiston-3 terma jamoasi Mali vakillari bilan kuch sinashadi.

Ayollar o‘rtasidagi o‘yinlarning dastlabki bahsida Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimovadan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi Trinidad va Tobago, O‘zbekiston-2 shaxmatchi qizlari Togo va O‘zbekiston-3 vakillari tanzaniyalik shaxmat malikalariga qarshi dona suradi.

E’tiborli jihati, O‘zbekiston-1 jamoasining 1 taxtasida Nodirbek Abdusattarov, keyingi taxtalarda Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov bahs olib boradi.

Shuningdek, olimpiadada birinchi raqam ostida tasniflangan AQSH Iroq bilan ro‘baro‘ kelsa, Hindiston Tailand bilan, Xitoy Uganda bilan, Germaniya Farer orollari jamoasi bilan to‘qnash keladi.
Eslatib o‘tamiz, 11 ta turdan iborat shaxmat olimpiadasi musobaqalari 27-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA