338 nafar Yoshlar yetakchilari yuqori lavozimlarga tayinlandi
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2025 yil davomida yoshlar bilan ishlash sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar aniq raqamlar va sezilarli natijalar bilan o‘z tasdig‘ini topdi. Yil davomida ta’lim, bandlik, tadbirkorlik, sport va ijtimoiy faollik yo‘nalishlarida yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan olib borilgan ishlar natijasida 414 mingdan ortiq yosh bandlik va tadbirkorlik dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlandi. Hayot yo‘lida adashgan 51 mingdan ziyod yosh bilan tizimli ishlar tashkil etildi.
Yil davomida tanlovlar, festivallar, sport va ta’lim loyihalari orqali 20 milliondan ortiq yosh qamrab olindi. “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz AI”, “Qizlar akademiyasi”, “UzChess” kabi loyihalar millionlab yoshlarni bilim va rivojlanishga undadi.
– Yoshlar yetakchilari tizimi doirasida 338 nafar yosh yetakchi yuqori lavozimlarga tayinlandi, 295 nafari rag‘batlantirildi, – dedi agentlik axborot xizmati rahbari Nodirjon Abduqodirov. – Shuningdek, 13 ming 213 nafar yetakchi turli o‘quv-seminarlar orqali bilim va malakasini oshirdi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi orqali 1 300 dan ortiq yoshga imtiyozli kreditlar ajratildi. “Ko‘mak” loyihasi doirasida esa chekka hududlarda o‘quv markazi ochayotgan 100 nafardan ortiq yoshga foizsiz ssudalar berildi. “Yoshlar Ventures” orqali istiqbolli startaplarga 161 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritildi.
O‘tgan davr mobaynida yoshlar jinoyatchiligining oldini olish borasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Jumladan, 4 ming 388 ta mahalla jinoyatchilikdan xoli hududga aylandi, umumiy ko‘rsatkich esa 17 foizga kamaydi. Shuningdek, “Yoshlarni eshitamiz” ochiq muloqotlari doirasida 9 ta uchrashuv o‘tkazilib, 7 ming 115 nafar yosh qamrab olindi hamda 1 000 dan ortiq taklif va tashabbuslar bildirildi.
Joriy yilda mamlakatimizda Respublika yoshlar komissiyasi va Davlat xavfsizlik xizmati nazorati ostida 9,3 million nafar yosh bo‘yicha “yoshlar balansi” shakllantirilib, ularning individual muammolarini hal etish, qiziqish va iqtidorini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq va manzilli ishlar tashkil etildi.
Ishsiz va biznesini boshlash istagida bo‘lgan 384,4 ming nafar yoshni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlar bandligi dasturi” qabul qilinib, 354,1 ming nafar yoshning bandligi ta’minlandi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda banklar bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar ham o‘z natijasini berdi. Aloqabank tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 9 ming 81 ta loyihaga 1 trillion 151,5 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib, 12 ming nafardan ortiq ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi.
Milliy bank tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 4 ming 489 nafar talabaning 199,3 milliard so‘mlik biznes loyihalari moliyalashtirilib, 45,9 ming nafar bitiruvchining bandligi ta’minlandi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 911 ta loyihaga 98,2 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib, 3 ming 16 nafar ishsiz yosh bandligi ta’minlandi.
Shu bilan birga, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 76,4 ming nafar yoshga 1 trillion 414 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 18,2 ming nafar yoshga subsidiya ajratilib, ularning o‘zini o‘zi band qilishi qo‘llab-quvvatlandi. Dehqonchilik uchun 1,3 ming gektar ekin maydonlari ajratilishi natijasida 2,5 ming nafar yoshning bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, tarbiyasi og‘ir 51 ming 455 nafar yosh 6 ta huquq-tartibot va mudofaa organlarining 4 ming 155 nafar mas’ul xodimiga otaliqqa biriktirildi. Olib borilgan uchrashuvlar natijasida 48 ming 747 nafar yosh sog‘lomlashtirilib, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi.
Xususan, xulqi ijobiy tomonga o‘zgargan yoshlar mas’ullar kafilligi asosida muddatidan oldin probatsiya va profilaktika hisobidan chiqarildi.
Mahalla raislari ishtirokida dars qoldirayotgan 4 ming 504 nafar o‘quvchi ta’limga qaytarilib, ajrim yoqasidagi 2 ming 370 nafar yosh oilaning hayoti tiklandi.Profilaktika inspektorlari bilan 1 ming 754 nafar yosh giyohvandlik va yot g‘oyalar ta’siridan qaytarilib, vatanparvarlik tadbirlari orqali 709 nafari harbiy xizmatga yo‘naltirildi.
Hokim yordamchilari tomonidan 4 ming 739 nafar yoshning bandligi ta’minlanib, 815 nafari tartibli mehnat migratsiyasiga yuborildi. “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilib, ularga jalb etilgan 284 ming nafar mahalla yoshlarida vatanparvarlik tuyg‘ulari mustahkamlandi. Mahallalarda harbiy-vatanparvarlik tadbirlari hamda harbiy qismlarda “Jasorat” harbiy yig‘inlari o‘tkazilishi natijasida 14 ming 388 nafar yosh harbiy xizmatga saralab olindi.
Jazoni ijro etish muassasalaridagi 9 ming 240 nafar yosh mahkumlar bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilib, ular kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rganish hamda foydali mehnatga jalb etildi. Natijada so‘nggi 10 oyda yoshlar jinoyatchiligi 18 foizga kamayib, 4 ming 714 ta mahalla yoshlar jinoyatchiligidan xoli mahallaga aylandi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimida yuqorida erishilgan yutuqlarning barchasi mamlakatimizda qonun ustuvorligi, xalq farovonligi yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning natijasidir.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA