3 nafar dzyudochimiz bugun Vengriya bellashuvlarida qatnashadi
Bugun, 10-sentabr kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi “Hungary Grand Slam-2026” turnirining ilk kunida erkaklar -60 va -66 kilogrammda, dzyudochi qizlar esa -48, -52 va -57 kilo og‘irlikdagi bellashuvlarda ishtirok etadi.
Aytish lozim, sportchilarga sovrinli o‘rinlar bilan birga muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan Vengriya bellashuvlarida mezbonlarning 38, Fransiya terma jamoasining 22, Isroil jamoasining 19, Ozarbayjonning 18, shuningdek, Niderlandiya, Germaniya, Braziliya va Ukrainaning 17 nafar dzyudochisi qatnashayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasining 6 nafar a’zosi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.

70 ta davlatning 531 nafar dzyudochisi ishtirokida o‘tadigan nufuzli musobaqaning dastlabki kunida O‘zbekiston terma jamoasining uch nafar a’zosi sovrinli o‘rinlar uchun bahs olib boradi.
Xususan, xalqaro turnirning ilk saralash bellashuvida Doston Ro‘ziyev -60 kilogrammda angolalik Leonardo Barros bilan, Sevinch Murodova -48 kilo og‘irlikda shvetsiyalik Tara Babulfath bilan hamda -52 kilogrammda Muhayyo Ahmatova vengriyalik Nikolett Sagi bilan kuch sinashadi.
Musobaqalar 13-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA