«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» — Osiyo futbol maydonlarida
Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi nufuzli musobaqalar start olmoqda. O‘zbekiston klublari ham ushbu turnirlarda qatnashadi. Qit’aning nufuzli musobaqalarida mamlakatimiz sharafini qaysi jamoalar himoya qiladi va ularni qanday bahslar kutmoqda?
Osiyo futbol konfederatsiyasining klublar o‘rtasidagi ikki musobaqasida mamlakatimiz sharafini uchta jamoa himoya qiladi. Aniqroq aytganda, «Paxtakor» va «Neftchi» Elit Osiyo chempionlar ligasi bahslarida, «Nasaf» esa Osiyo chempionlar ligasi-2 musobaqasida ishtirok etadi.
Xususan, «Paxtakor» va «Neftchi» uchun Elit Osiyo chempionlar ligasining umumiy bosqichi 14-sentabr kuni start oladi. Shu kuni «Neftchi» Farg‘onada Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» jamoasini qabul qiladi. Uchrashuv soat 18:45 da «Istiqlol» stadionida boshlanadi. «Paxtakor» esa safarda Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» klubiga qarshi maydonga tushadi. Jidda shahrida o‘tadigan bahs Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.

Ma’lumot uchun, yangi mavsumda Elit Osiyo chempionlar ligasining umumiy bosqichida 32 ta jamoa ishtirok etadi. Ular G‘arb va Sharq mintaqalariga ajratilgan holda bahs olib boradi. Har bir klub mazkur bosqichda 8 ta turli raqibga qarshi maydonga tushadi. Jamoalar 4 ta uchrashuvni o‘z maydonida, yana 4 tasini safarda o‘tkazadi.
Endi Osiyo chempionlar ligasi-2 musobaqasiga to‘xtalsak. Ushbu turnirning guruh bosqichi 15-sentabr sanasidan boshlanib, 9-dekabrga qadar davom etadi. Unda jamoalar o‘zaro uy va safar uchrashuvlarida kuch sinashadi. Har bir guruhdan eng yaxshi ikki jamoa keyingi bosqichga yo‘l oladi.

Ushbu musobaqada mamlakatimiz sharafini «Nasaf» himoya qiladi. Qarshi shahri klubi «A» guruhidan joy olgan bo‘lib, unga BAAning «Al-Vahda», Kuvaytning «Al-Kuvayt» va Bahraynning «Al-Haldiya» jamoalari raqiblik qiladi. «Nasaf» guruh bosqichidagi dastlabki uchrashuvini 16-sentabr kuni safarda «Al-Haldiya»ga qarshi o‘tkazadi. Bahraynda bo‘lib o‘tadigan mazkur bahs soat 21:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA