2028-yil yakuniga qadar davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va ekspluatatsiya qilish xarajatlari kamida 30 foizga qisqartiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Raqamli hukumat” tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, "Raqamli O‘zbekiston - 2030" strategiyasiga doirasida "Raqamli hukumat" tizimi rivojlantiriladi, yagona platformaviy yondashuv hamda davlat axborot tizimlarining idoralararo integratsiyasi va texnologik muvofiqligi ta’minlanadi, ularning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik darajasi oshiriladi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining raqamli yechimlari yaratiladi va rivojlantirish xarajatlari maqbullashtirladi, samaradorligi oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma joriy etishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
a) 2028-yil yakuniga qadar davlat organlarining kamida 5 mingga ma’muriy funksiyasini raqamlashtirish;
davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamida 30 foizga qisqartirish;
v) 2030-yil yakuniga qadar Platforma ma’lumotlari va namunaviy servislar asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida sun’iy intellekt asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish;
g) qog‘oz shaklidagi hujjat aylanishidan voz kechish, vazirlik va idoralarni qog‘ozsiz ish yuritishga hamda idoralararo elektron hamkorlikka o‘tkazish;
d) kamida 100 ta tahliliy modullarning muhim ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarning joriy tahlili asosida ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyotini joriy etish.
Platforma quyidagilarni ta’minlashga xizmat qiluvchi "Raqamli hukumat" tizimining texnologik elementi hisoblanadi:
a) davlat axborot tizimlarini yaratish, rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va ularning kiberxavfsizligini ta’minlashda yagona arxitektura, standartlar, texnologik va tashkiliy yondashuvlarni qo‘llash;
b) qayta foydalaniladigan raqamli komponentlar va servislardan foydalanish orqali davlat axborot tizimlarini ishlab chiqishni tezlashtirish, standartlashtirish va xarajatlarni qisqartirish;
v) davlat ma’lumotlarini markazlashgan holda boshqarish, shu jumladan, ma’lumotlarni yig‘ish, tasniflash, zaxiralash, saqlash va ulardan foydalanish;
g) davlat xizmatlarini ko‘rsatishda to‘lovlar, yig‘imlar, bojlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qabul qilish uchun to‘lov infratuzilmasi faoliyatini ta’minlash.
2026-yil 1-avgustga qadar raqamli hukumat va davlat ma’lumotlarini boshqarish sohasidagi yetakchi xalqaro konsultantlar konseptual va texnologik yechimlarni mustaqil ekspertiza qilish, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajriba va standartlarni inobatga olgan holda Platformaning loyiha-texnik va arxitektura hujjatlarini ishlab chiqishga jalb etiladi.
2026-yil 1-dekabrga qadar Platformada ma’lumotlar almashinuvi, xavfsizlik va davlat raqamli servislarini ishlab chiqish bo‘yicha yagona texnologik standartlar ishlab chiqiladi.
O‘zA