2026 yil 1 martga qadar ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, Toshkent shahrida atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish maqsadida 2026 yil 1 martga qadar poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi.
Toshkent shahridagi ekologik vaziyat doimiy tahlil va monitoring qilinib, ekologik vaziyatning yomonlashishi tendensiyalari prognoz qilib boriladi.
Ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining harakatlari muvofiqlashtiriladi hamda ular o‘rtasida zarur hamkorlik va ma’lumot almashish tashkil etiladi.
Ekologik muammolar bo‘yicha tadqiqotlar muvofiqlashtiriladi, muammolarning oldini olish bo‘yicha, shu jumladan, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida hamda xorijiy va mahalliy olim va ekspertlarni jalb etgan holda zamonaviy va samarali usullar ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
Toshkent shahrida ekologik vaziyat murakkablashgan hollarda uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar aniq moliyalashtirish manbalari, shu jumladan, Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Maxsus komissiyaga quyidagi vakolatlar beriladi:
a) tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish;
b) transport vositalari harakatini cheklash, jumladan:
Toshkent shahrida yuk tashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
avtotransport vositalarining, shu jumladan davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);
harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, ko‘chalar va boshqa hududlarni belgilash;
v) atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa ob’ektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatish;
g) Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko‘chirilishi majburiy bo‘lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilash;
d) sanoat korxonalari uchun tashlanmalarning ruxsat etilgan miqdorini belgilash va ushbu talabni buzgan sanoat korxonalari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha belgilangan tartibda chora ko‘rish;
j) qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish, shu jumladan qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatish va boshqa talablar;
z) davlat organlari va tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini ekologik talablarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida muvofiqlashtirish;
i) oqar suv (daryo, kanal, ariq) ob’ektlarida suv ob’ektlari qirg‘oq muhofaza mintaqa zonalarida qurilishni taqiqlash va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bog‘liq boshqa vakolatlar.
Maxsus komissiyaning unga yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlar doirasida qabul qilingan qarorlari, ko‘rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
O‘zA