2026-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi (bundan xizmat ko‘rsatish yoki moliyaviy xizmatlarga ixtisoslashgan zonalar mustasno).
Issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish hamda sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash va energiya samarador uskunalar o‘rnatish maqsadida quyidagi choralar ko‘riladi:
a) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Xalqaro standartlashtirish tashkilotining ekologik menejment, issiqxona gazlarini boshqarish, ekologik xavfsizlik va yashil energiya xalqaro sertifikatlarini olib, mahsulotining 30 foizini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqargan korxonalarning sertifikatni olish xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jag‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
b) 2026-yil 1-maygacha Toshkent shahri hamda unga tutash hududlarda joylashgan issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish korxonalarida ustuvor (turg‘un) manbalar bo‘yicha majburiy tartibda avtomatik monitoring stansiyalari va avtomatik kuzatuv postlari o‘rnatiladi hamda ushbu qurilmalardan olinadigan ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi;
v) atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalar tomonidan o‘rnatilgan avtomatik monitoring stansiyalari Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganligi va chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari o‘n baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi;
g) 2026-yil 1-iyuldan boshlab issiqxonalarni issiqlik bilan ta’minlashda issiqxonalardagi muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan hamda yonish jarayoni nazorat qilinmaydigan qozonlardan foydalanish amaliyoti bekor qilinadi.
Ekologiya qo‘mitasi:
a) chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligini maxsus laboratoriya sinovlari asosida doimiy ravishda monitoring qilib boradi;
b) monitoring natijalariga ko‘ra ijobiy xulosa berilgan chang-gaz tozalash uskunalari reyestrini shakllantiradi va o‘zining rasmiy sahifasida e’lon qiladi.
2026-yil 1-iyundan boshlab:
a) qurilish ob’ektlarida (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) quyidagi ekologik talablarni joriy qilish majburiyatlari kiritiladi:
qurilish ob’ektlarini fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish;
onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni bo‘ylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish;
huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish amaliyotini joriy qilish;
b) qurilish ob’ektlari bo‘yicha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish tartibi joriy qilinadi;
v) yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2026-yil 1dekabrga qadar bir hududda kamida 1 gektar maydonda daraxt barglarini yig‘ish, ularni biologik usulda chiritish (kompostlash) orqali olingan organik moddalardan kompost sifatida va mulchalashda foydalanish tizimi joriy etiladi.
Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya qo‘mitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2027-yil 1-mayga qadar xorijiy kompaniya va ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda Toshkent shahrining 2035-yilgacha mo‘ljallangan ekologik va suv resurslarini boshqarish, ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha master rejasi ishlab chiqiladi.
O‘zA