2025 yil 1 maydan e’tiboran jismoniy shaxslarni xorijdan tovar olib kirishiga cheklovlar belgilanadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2025 yil 1 maydan e’tiboran jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
havo transportida - 1000 AQSH dollari;
temir yo‘l va daryo transportida - 500 AQSH dollari;
avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali - 300 AQSH dollari;
xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali - 200 AQSH dollari;
xalqaro pochta jo‘natmalari orqali - 100 AQSH dollari.
Qaror bilan:
Jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga bojsiz olib kiriladigan ayrim tovarlarning miqdoriy normalari;
Jismoniy shaxslar tomonidan ayrim turdagi tovarlarni respublikadan bojsiz olib chiqishning miqdoriy normalari;
Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish maqsadini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona qiymati va miqdori alohida nazorat qilinadigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra:
a) temir yo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarida tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda ikki kalendar kundan, havo transportida uch kalendar kundan kam muddat bo‘lganda, bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydi, bunda ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi hamda tovarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi;
b) xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga olib kelinadigan tovarlarga nisbatan bojsiz olib kirishning belgilangan normalari bir kalendar oy davomida qo‘llanadi;
v) jismoniy shaxslar tomonidan qiymati 5 000 AQSH dollari ekvivalentigacha bo‘lgan tovarlar bojxona deklaratsiyasini taqdim etmagan holda respublikadan olib chiqilishi mumkin, qonunchilik hujjatlari bilan eksport bojxona boji stavkalari belgilangan tovarlar bundan mustasno.
2025 yil 1 maydan e’tiboran chet eldan respublika hududiga quruq sut olib kirishga qo‘yilgan cheklov bekor qilinadi.
O‘zA