2024 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sgan
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lum qilishicha, 2024 yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga o‘sdi.
O‘zbekistonda narxlarning o‘rtacha o‘sishi kuzatildi. Iste’mol narxlari indeksi 2024 yil yakuni bo‘yicha 9,8 foizga (2023 yilda 8,8 foizga) oshdi.
Investitsiyalarni jalb qilish sohasida ijobiy dinamika kuzatildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 27,6 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, byudjet mablag‘lari hisobidan investitsiyalarning 10,7 foizga kamayganini ta’kidlash joiz, bu xususiy investitsiyalarning roli oshganidan dalolat beradi.
2024 yilda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalarning umumiy hajmida markazlashtirilgan investitsiyalarning ulushi 10,5 foizgacha kamaydi, markazlashtirilmagan investitsiyalar esa mos ravishda 89,5 foizgacha o‘sdi.
Iqtisodiyotning neft-gaz qazib chiqarish va farmatsevtika sohasidan tashqari barcha asosiy tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmi ko‘paygan. Ishlab chiqarish sanoati, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohasi eng jadal rivojlandi. To‘qimachilik, elektrotexnika, metallurgiya, oziq-ovqat va avtomobilsozlik kabi sohalar o‘sishning asosiy drayverlari bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi, garchi uning o‘sish sur’ati 3 foizgacha sekinlashgan bo‘lsa-da, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi muhim tarmoq bo‘lib qolmoqda. Sanoat ishlab chiqarish 6,8 foizgacha o‘sishi bilan yuqori dinamikani ko‘rsatdi.
Ushbu o‘sishning asosiy drayveri qayta ishlash sanoati bo‘lib, u ishlab chiqarish dinamikasi va sezilarli o‘sishini ko‘rsatdi, shu jumladan elektrotexnika 16,3 foizga o‘sgan. To‘qimachilik – 10,7 foiz (+7,9 foiz), metallurgiya – 6,4 foiz (+5,0 foiz), oziq-ovqat – 3,2 foiz (+6,8 foiz), avtomobilsozlik – 8,8 foiz (+16,8 foiz), qurilish materiallari – 7,5 foiz (+11,5 foiz), kimyo – 3,4 foiz (pasayish -3,3 foiz), mebel – 25,2 foiz(+0,2%) sanoati o‘sdi.
Farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarish hajmi 7,5 foizga, charm-poyabzal sanoatida 0,6 foizga pasayish kuzatildi.
Elektr ta’minoti sohasida ishlab chiqarish hajmi 5,3 foizga o‘sdi. Neft-gaz qazib chiqarish sanoatida ishlab chiqarish hajmi 1,4 foizga oshdi. Suv ta’minoti, kanalizatsiya va chiqindilarni utilizatsiya qilish sohasida o‘sish 5,5 foizni tashkil etdi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga nisbatan tezroq o‘sish dinamikasini namoyish etdi.
Ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlari hajmi 12,9 foizga oshdi. Xizmat ko‘rsatish sohasining kichik tarmoqlari bo‘yicha eng katta hissani moliya sektori – 20,6 foiz, turar joy va umumiy ovqatlanish xizmatlari – 10,6 foiz, savdo – 11,8 foiz, aloqa va axborotlashtirish sohasi – 25,8 foizni tashkil etdi.
Chakana tovar aylanmasi 9,9 foizga oshdi. Transport xizmatlari hajmi 11,8 foizga, shu jumladan avtotransport vositalari 8,4 foizga oshdi. O‘tgan yilga nisbatan tashqi savdo hajmining o‘sish dinamikasi biroz pasaydi. 2024 yil yakuniga ko‘ra tashqi savdo aylanmasi 3,8 foizga o‘sib, 66 milliard dollarni tashkil etdi, eksport 8,4 foizga, import 0,8 foizga o‘sdi.
Umuman olganda taqdim etilgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 2024 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishni ko‘rsatdi, bu mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarning
natijasi va mamlakatning salmoqli iqtisodiy salohiyatidan dalolat beradi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA