SABER tizimi orqali eksport imkoniyatlari kengayadi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Haymed bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokida o‘nlab korxonalar faoliyat yuritmoqda. Xususan, energetika sohasida, jumladan, «ACWA Power» kompaniyasi tomonidan shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda standartlashtirish, metrologiya, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish, muvofiqlikni baholash va bozor nazorati sohalaridagi hamkorlik istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, O‘zbekistonning muvofiqlikni baholash idorasini Saudiya Standartlar, Metrologiya va Sifat tashkiloti (SASO)ning SABER elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tkazish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lum qilinishicha, SABER tizimi Saudiya Arabistoniga import qilinadigan mahsulotlarning mamlakat texnik reglamentlari va standartlari talablariga muvofiqligini elektron tarzda tasdiqlash hamda sertifikatlash jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, texnik tartibga solish va bozor nazorati sohalarida ilg‘or tajribalar almashish, shuningdek, muvofiqlikni baholash natijalarini o‘zaro tan olish bo‘yicha hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish taklifi ham ilgari surildi.
Tomonlar «yashil» energetika, transport, geologiya, to‘qimachilik, turizm va infratuzilma sohalarida amalga oshirilayotgan yirik qo‘shma loyihalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda standartlashtirish va texnik tartibga solish tizimi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, milliy texnik reglamentlarni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, zamonaviy bozor nazorati mexanizmlarini keng joriy etish hamda ikki mamlakatning vakolatli idoralari o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan o‘zaro anglashuvga erishildi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur kelishuvlar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi strategik iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, milliy texnik tartibga solish tizimini xalqaro amaliyotlar bilan uyg‘unlashtirish hamda mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA