1300 dan ziyod bola uchun yangi sahifa ochildi
Bugun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda «Birinchi qo‘ng‘iroq» sadolari yangrab, 2026/2027 o‘quv yili boshlandi.
Yangi o‘quv yili tizimdagi ta’lim muassasalari uchun muhim yangiliklar va yangi imkoniyatlar bilan boshlandi. Xususan, tizimda ilk bor 1 ta inklyuziv markaz, 3 ta inklyuziv maktab hamda har bir hududda bittadan ko‘p tarmoqli maktab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bu esa turli toifadagi bolalarga o‘z ta’lim ehtiyojlariga mos yo‘nalishlarda bir muassasada, tengdoshlari bilan birga ta’lim olish imkoniyatini yaratmoqda. Ayniqsa, inklyuziv ta’limning kengayishi har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularning qobiliyati va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun yanada qulay sharoit yaratadi.

Yangi o‘quv yilida tizimdagi maktab va maktab-internatlarning 1-sinfiga 1 300 nafardan ortiq bola qabul qilindi. Ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ygan bolajonlarga «Prezident sovg‘alari», shuningdek, yangilangan darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar topshirildi.

Zero, har bir bolaning sifatli ta’lim olishi, o‘z iste’dodini namoyon etishi va jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun teng imkoniyat yaratish — eng muhim vazifalardan biridir. Inklyuziv ta’limga berilayotgan e’tibor esa nafaqat ta’lim tizimidagi, balki jamiyatdagi insonparvarlik va tenglik tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yangi o‘quv yili barcha o‘quvchilar uchun yangi orzular, ezgu maqsadlar va ulkan yutuqlar boshlanishi bo‘lsin. Ilk qo‘ng‘iroq sadolari har bir bolaning baxtli kelajagi, bilim va imkoniyatlar sari dadil qadamlarining ramziga aylansin!
N.Rahmonova, O‘zA