1 million 449 ming 69 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xatlov ishlari izchil davom etmoqda.
2026-yil 15-may holatiga ko‘ra, respublika hududlarida jami 1 million 449 ming 69 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Bu ko‘rsatkich aholining mulkiy huquqlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash, yer va ko‘chmas mulk munosabatlarida shaffoflikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.
Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi ko‘p yillar davomida huquqiy maqomi aniqlashtirilmagan yer uchastkalari va qurilish ob’ektlarini rasmiylashtirish imkonini bermoqda. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarning mulk huquqini kafolatlash, iqtisodiy faollikni oshirish hamda soliq bazasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan hududlarda qurilgan uy-joy va inshootlarning qonuniy maqomga ega bo‘lishi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlanmoqda. Chunki huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan mulk kelgusida uni sotish, meros qilib qoldirish, garov sifatida rasmiylashtirish yoki kommunal xizmatlarga ulash jarayonlarini yengillashtiradi.
Xatlov ishlari hududlar kesimida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan bo‘lib, har bir hududda ob’ektlarni aniqlash, o‘rganish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda zamonaviy axborot tizimlari va elektron ma’lumotlar bazasidan samarali foydalanilayotgani ham qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, qonun ijrosining samarali amalga oshirilishi yer munosabatlarida shaffoflikni ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olish hamda hududlarni kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kadastr agentligi ma’lum qilishicha, xatlov va huquqlarni e’tirof etish ishlari kelgusida ham izchil davom ettirilib, fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan xizmatlar ko‘lami yanada kengaytiriladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA