1-apreldan yangi tizimda to‘lovlarda muammo bo‘lsa, qayerga murojaat qilish kerak?
1-apreldan ayrim yirik to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish tartibi joriy etilishi munosabati bilan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ishonch telefon raqamlari tashkil etildi. Bu haqda Markaziy bank hamda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, yangi tartib asosida to‘lovlarni amalga oshirishda bank tizimida uzilishlar yoki bank kartalari orqali hisob-kitoblarda noqulayliklar yuzaga kelsa, fuqarolar hududiy ishonch raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin.
Xususan, bank kartalari orqali to‘lov o‘tkazishda muammo yuzaga kelganda, bank ilovalari ishlamaganda, naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishda texnik nosozliklar kuzatilganda, to‘lov qabul qilish tizimida uzilishlar bo‘lganda murojaat qilish tavsiya etiladi.

Shuningdek, fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ham saqlanib qolmoqda. Jumladan, kartaga naqd pulni bankomatlar orqali, bank filiallari orqali, infokiosklar orqali kiritish mumkin.
Rasmiylarga ko‘ra, mazkur choralar naqdsiz to‘lovlar tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish davrida fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik muammolarni tezkor bartaraf etishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi kabi ayrim yirik bitimlarda hisob-kitoblarni bank orqali amalga oshirish tartibi joriy etilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA