“Tozalik va ozodalik” dolzarb ikki oyligiga start berildi
Mamlakatimiz hududlarida aholi yashash sharoiti, sanitariya holatini yaxshilash va atrof-muhitni obodonlashtirishga qaratilgan “Tozalik va ozodalik” dolzarb ikki oyligi o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida mahallalar, ko‘chalar, yo‘llar, ariq va kanallar, suv havzalari hamda boshqa jamoat joylari chiqindilardan tozalanmoqda. Shuningdek, noqonuniy chiqindixonalar bartaraf etilib, hududlarni obodonlashtirish, daraxt va butalarni parvarishlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish, maxsus texnikalar faoliyatini kuchaytirish, sanitariya holatini yaxshilash, ko‘kalamzorlashtirish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bugunga qadar 229 dan ortiq maxsus texnika jalb qilinib, 139 ta mahalla hududi chiqindilardan tozalandi. Natijada 9 ming 90 tonna chiqindi olib chiqib ketildi.
Andijon viloyatida 330 dan ortiq texnika safarbar qilinib, 230 dan ziyod mahallada 23 ming 671 tonna chiqindi hududlardan olib chiqildi.
Samarqand viloyatida esa 440 dan ortiq maxsus texnika yordamida 319 ta mahalla tozalanib, 23 ming 125 tonna chiqindi olib chiqib ketildi.
Toshkent shahrida 261 ta texnika jalb qilinib, 228 ta mahallada tozalash ishlari amalga oshirildi. Bu jarayonda 47 ming 942 tonna chiqindi hududlardan olib chiqildi.
Ayni paytda mamlakatning boshqa hududlarida ham sanitariya-tozalash va obodonlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Ikki oylik doirasida nafaqat mavjud hududlarni tozalash, balki yashil maydonlarni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ko‘chat ekiladigan joylar aniqlanib, yer maydonlarini tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan.
“Tozalik va ozodalik” dolzarb ikki oyligi doirasidagi tadbirlar respublika bo‘ylab davom etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA