Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindiston: Vaziyat juda ogʻir, biroq ayrimlar oltindan yasalgan niqob taqib yurishibdi

Jons Xopkins universiteti olib borayotgan hisob-kitobda Hindiston kasallik soni boʻyicha dunyoda 3-oʻrinni egallab turgan Rossiyaga juda yaqinlashdi.


Hindistonda oxirgi sutka davomida yana 24,8 ming fuqaro “COVID-19”ga uchragani aniqlandi, mamlakat Sogʻliqni saqlash va oilaviy farovonlik vazirligi bu boradagi koʻrsatkich 673 165 ga yetganini maʼlum qildi.

Jons Xopkins universiteti olib borayotgan hisob-kitobda Hindiston kasallik soni boʻyicha dunyoda 3-oʻrinni egallab turgan Rossiyaga juda yaqinlashdi. Bu ikki mamlakatni bor-yoʻgʻi 399 holat ajratib turibdi.

Vazirlik taqdim etgan maʼlumotga koʻra, ayni payt Hindistonda 244 814 kishi koronavirusdan davolanyapti, 409 082 bemor tuzalib chiqqan (soʻnggi 24 soat ichida 14 856 odam sogʻaygan), hozirgacha 19 268 oʻlim holati qayd etilgan. Oxirgi sutka mobaynida 613 nafar fuqaro ushbu infeksiya tufayli hayotdan koʻz yumgan.

Sutkalik oʻsish shanba kuni tongdagi maʼlumotda 22,7 ming, bir kun oldin esa 20,9 mingni tashkil etgan. Koʻrinib turibdiki, soʻnggi uch kunda virus yuqqani aniqlangan kishilar soni muttasil, tashvishlanarli jihati, sezilarli darajada oshgan.

Mamlakat markazidagi, ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan Maxarashtra shtatida, tabiiyki oʻsish koʻrsatkichi eng yuqori – 200 064 nafar (bir sutkada 7 074 kishi). Xastalanganlar soniga koʻra Tamilnad shtati 107 001 nafar bemor (kunlik oʻsish 4280) bilan 2-oʻringa koʻtarildi. Roʻyxatning 3-pogʻonasida poytaxt Dehli okrugi qayd etilgan – jami 97 200 virus tashuvchi (oxirgi kun aniqlanganlar 2505 nafar).

Mamlakat boʻylab virusga duch kelganlar soni jadal ortib borayotganiga qaramasdan, hukumat iyun oyi oxirida himoyalanish tartibidan chiqishning 2-bosqichini eʼlon qildi. Yangi qoidalarga muvofiq, koronavirus tarqalayotgan zona sifatida tan olingan, yaʼni zararlanish miqdori ortishi davom etayotgan hududlarda izolyatsiya rejimi 31-iyulgacha uzaytirildi. Cheklovlar maktablar va universitetlar faoliyatiga ham taalluqli. 8-iyunda boshlangan birinchi bosqich davomida esa ibodatxonalar, mehmonxonalar, restoranlar va savdo markazlari ochilgan edi.

photo_2020-07-06_07-34-15.jpg

Guvohi boʻlganingizdek, Hindistonda COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat ancha tashvishli. Shunga qaramay, mamlakatda koronavirus bilan bogʻliq gʻaroyib voqealar ham uchrab turibdi.

Masalan, Maxarashtra shtatida yashovchi Shankar Kurade koronavirus pandemiyasi bahona oʻzi uchun tilladan yasalgan himoya niqobi yasattirdi. Bu haqda boyvachchaning oʻzi OAVga intervyu bergan.

“Oltindan niqob buyurtma berish gʻoyasi menda kumush niqob taqib yurgan odamni uchratganimda keldi. Axir, men ogʻir tilla buyumlar, masalan zanjir va uzuklar taqib yurishni yoqtiramanda. Nimaga endi oltin niqobim boʻlmasin ekan? Xullas, mahalliy zargardan oʻzim uchun tilla himoya niqobi yasab berishini iltimos qildim”, — deydi suhbatdosh.

Qariyb 2.5 kilogramm tosh bosadigan mazkur gʻaroyib buyum buyurtmachiga taxminan 3870 dollarga tushdi.

Kuradening aytishicha, niqob nafas olishga qiynalmaslik uchun maxsus havo oʻtkazadigan yoriqlar bilan taʼminlangan.

“Choralar samaradorligi haqida gapirganda, biz yaxshi bilamiz, faqat niqob taqishning oʻzi yetarli emas, balki odamlar orasida oraliq masofani ham saqlash zarur. Demak, tilla niqob bilan yursamda, talab darajasidagi ijtimoiy masofani ushlashga ham rioya qilaman”, — deydi Hindiston fuqarosi.

Tabiiyki, ushbu niqob koʻpchilik mahalliy aholi vakillari, shu jumladan OAV xodimlari eʼtiborini tortdi.

“Oltin niqob taqib koʻchaga chiqqanimda hammaning koʻzi menda boʻladi. Garchi bizning oila aʼzolari qimmatbaho zargarlik buyumlari ishqibozi ekanligini mintaqada hamma yaxshi bilsada, tilla niqob bari bir boshqacha — oʻziga xos yangilik. Shuning uchun ham odamlar uchun bu juda qiziq boʻldi”, — qoʻshimcha qiladi u.

Internet materiallari asosida

Gʻayrat XONNAZAROV tayyorladi, OʻzA