Mutlaqo maxfiy: “Shtorm-333“ yoxud “ajal yomgʻiri“ da qolgan oʻzbek oʻgʻlonlari
Ular 1979-yilning iyul oyida Afgʻonistonga savr inqilobini himoya qilish niqobi ostida kiritilgan.
Bundan 31 yil avval, yaʼni 1989-yilning 15-fevralida sobiq ittifoq qurolli kuchlari cheklangan qoʻshinlarining soʻnggi harbiy qismlari Afgʻoniston Xalq Demokratik Respublikasini tark etdi.
Koʻpchilik yoshi kattalar sobiq tuzum “dohiy“lari fatvosi bilan qoʻshni mamlakatga kiritilgan birinchi harbiylar musulmon respublikalarining navqiron fuqarolari, endigina 19-20 yoshga qadam qoʻygan yigitlar ekanligini yaxshi biladi.
Ular 1979-yilning iyul oyida Afgʻonistonga savr inqilobini himoya qilish niqobi ostida kiritilgan.
Musulmon batalyoni aslida SSSR qurolli kuchlari bosh shtabi davlat razvedka bosh boshqarmasining 1979-yil 28-apreldagi 313/02402-sonli hamda 1979-yil 24-iyundagi 314/2/0061-sonli direktivasiga asosan Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi Turkiston harbiy okrugi tasarrufida boʻlgan 15-maxsus alohida brigada tarkibida shakllantirilgan 154-maxsus alohida otryad boʻlgan.
Unga Toshkent Oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtini tamomlagan yosh ofitser, mayor Habibjon Xolboyev komandir etib tayinlangan.
Maxsus otryadning shaxsiy tarkibi faqat olti oy va bir yil xizmat qilgan musulmon (oʻzbek, tojik, turkmanlar va qisman qozoq, tatar millatiga mansub) askarlar ichidan saralab olindi.
Ular Turkiston va Oʻrta Osiyo harbiy okruglaridan tashqari, Moskva, Belarus, Shimoliy Kavkaz, Leningrad harbiy okruglarining moto-oʻqchi, tank va havo-desant qoʻshinlari harbiy qismlarida xizmat qilayotgan askarlar edi. Yigitlarning jismoniy jihatlari, harbiy tayyorgarligiga, rus tili va fors-tojik tillarini bilishiga alohida eʼtibor qaratildi.
1979-yilning 4-5-dekabr kunlari otryadning kichik qismi, 9-dekabrdan 10-dekabrga oʻtar kechasi esa Chirchiq va Toshkent aerodromlari orqali “AN-12“ va “Il-76“ samolyotlarida shaxsiy tarkib toʻliq Afgʻonistonga joʻnatildi.
Oʻshanda nafaqat muddatli harbiy xizmatchilarga, hatto ofitserlarga ham nomaʼlum boʻlgan bu sirli xizmat safari zamirida Afgʻonistonning oʻsha vaqtdagi hukmdori Hafizullo Aminni tashqi kuchlar taʼsiridan qoʻriqlash niqobi ostida, aslida uni jismonan yoʻq qilish, oʻrniga esa Babrak Karmalni davlat boshligʻi etib qoʻyishdek maxfiy operatsiyani amalga oshirish vazifasi bor edi. Bu operatsiya “Shtorm-333“ maxfiy kodi bilan nomlandi.
Afgʻoniston Xalq Demokratik Respublikasi qurolli kuchlari harbiylariga xos mundir kiygan maxsus otryad harbiylari dastlab Bagʻramda qoʻnim topdi, soʻngra Kobulga – Dorulomon vodiysida joylashgan Tojibek davlat qarorgohiga yaqin joyga koʻchirildi.
1979-yil 27-dekabr kuni oqshom choʻkar chogʻi Habibjon Xolboyev otryadi, yaʼni musulmon batalyoni davlat xavfsizlik qoʻmitasining “Zenit“ va “Grom“ maxsus guruhlari bilan hamkorlikda Hafizullo Amin qarorgohiga hujum boshladi va oradan 43 daqiqa oʻtib oʻta muhim operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.
Afsuski, bu qaqshatqich jangda batalyonning 8 nafar askarlari halok boʻldi, yana 40 nafarga yaqini turli darajada yaralandi.
Mazkur operatsiyadan soʻng 154-maxsus tayinlangan alohida otryad (musulmon batalyoni)ning shaxsiy tarkibi tarqatib yuborildi. Lekin Afgʻonistonga SSSR harbiy qoʻshinlarini kiritish toʻxtamadi. Deyarli 10 yil davomida qoʻshni mamlakatdagi shafqat bilmas urushda qatnashgan sovet harbiylari boshiga “ajal yomgʻiri“ shunday yogʻildiki, buning natijasida 14 mingga yaqin yosh yigitlar umri erta xazon boʻldi. Bevaqt halok boʻlganlar orasida, afsuski oʻzbek oʻgʻlonlari ham bor edi...