Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti – iqtidorli qizlar uchun ulkan rag‘bat
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni asosida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi zimmasiga mazkur davlat mukofotiga tavsiya etilgan talabgorlarning faoliyati, asarlarining jamoatchilik tomonidan keng va oshkora muhokama etilishini tashkil etish, ularning jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan xolisona saralanishiga ko‘maklashish belgilangan.
16-17 yanvar kunlari poytaxtimizda Komissiya tomonidan talabgorlarning faoliyatini ko‘rib chiqish va saralash jarayonlari o‘tkazildi. Ushbu mas’uliyatli jarayon haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarda o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish, ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni munosib rag‘batlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, iqtidorli va faol xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi o‘tgan yillar davomida fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda jamoatchilik faoliyati yo‘nalishlarida yuzlab yosh iqtidor sohibalarini kashf etdi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq joriy etilgan.
2017 yilgacha ushbu mukofot bilan har bir hududdan 1 nafardan jami 14 nafar o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va 22 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlar taqdirlangan bo‘lsa, 2018 yildan iqtidorli qizlar safini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish maqsadida har bir hududdan 2 nafardan jami 28 nafar iqtidorli xotin-qizlar taqdirlanmoqda va yosh chegarasi 22 yoshdan 30 yoshgacha uzaytirilgan.
2024 yilda mazkur mukofot bilan taqdirlab borish jarayonlari yanada takomillashtirildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 fevraldagi tegishli farmoni bilan xotin-qizlar o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning axborot texnologiyalari sohasidagi, shu jumladan, IT xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishdagi ulushini oshirish, axborot texnologiyalari yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarning munosib taqdirlab borilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida axborot texnologiyalari yo‘nalishi 8-yo‘nalish sifatida kiritildi.
2025 yilda ilk bora axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari ham taqdirlanadi. Shuningdek, ushbu farmon bilan Vazirlik va idoralar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasiga taqdim etilgan barcha nomzodlarga tegishli yo‘nalishi bo‘yicha iqtidorini yanada rivojlantirishga qaratilgan imkoniyat va sharoitlar yaratish, shu jumladan, ularning xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlarda ishtirok etishi, nomzodlarni vazirlik va idoraning istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 noyabrdagi tegishli qarori bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi belgilandi. Mazkur qaror bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi hamda yo‘nalishlar bo‘yicha talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgandan buyon shu kunga qadar ushbu mukofot bilan jami 452 nafar ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlar taqdirlangan bo‘lib, ularning 105 nafari (23,2 foizi) adabiyot, 92 nafari (20,3 foizi) san’at, 83 nafari (18,3 foizi) madaniyat, 64 nafari (14,2 foizi) ta’lim, 61 nafari (13,5 foizi) fan, 30 nafari (7,3 foizi) sport va 14 nafari (3,1 foizi) jamoatchilik yo‘nalishlarida mukofot sohibasi bo‘lgan. Ta’sis etilganiga chorak asr bo‘lgan mazkur mukofot sohibalarining bugungi kundagi faoliyati, yutuqlari ham salmoqli.
Birgina sport yo‘nalishida mazkur mukofot sohibi bo‘lgan Diyora Keldiyorova 2024 yilda o‘tgan «Parij-2024» XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni, Svetlana Osipova kumush medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochdi. Shuningdek, yana ko‘plab xotin-qizlarimiz Osiyo, jahon va boshqa nufuzli xalqaro musobaqa va tanlovlari g‘oliblari hisoblanadi.
Bugungi kunda sovrindorlarning 20 nafardan ortig‘i turli vazirlik, idora va tashkilotlarda turli rahbarlik lavozimlarida ishlayotganlar, ta’lim va tibbiyot sohasida esa 100 nafarga yaqin, boshqa soha va tarmoqlarda esa 70 nafardan ortiqni tashkil etmoqda.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlar orasida mahalliy Kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining ham borligi barchamizni quvontiradi.
Ma’lumki, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va boshqa sohalardagi eng nufuzli arboblardan, ijodiy uyushmalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ta’lim, madaniyat va sport muassasalarining taniqli vakillaridan iborat tarkibda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi faoliyat olib boradi.
Mazkur komissiya zimmasiga Komissiyaga Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olish bo‘yicha takliflarni ushbu mukofot to‘g‘risidagi Nizomga qat’iy muvofiq holda ko‘rib chiqish, Davlat mukofotiga tavsiya etilgan talabgorlarning faoliyati, asarlarining jamoatchilik tomonidan keng va oshkora muhokama qilinishini tashkil etish, ularning jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan xolisona baholanishiga ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga saralashning quyi bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 342 nafar xotin-qizlarimizning hujjatlari Respublika komissiyasiga kelib tushgan.
Xususan, fan yo‘nalishida 58 ta, ta’lim yo‘nalishida 43 ta, adabiyot yo‘nalishida 44 ta, san’at yo‘nalishida 58 ta, sport yo‘nalishida 47 ta, jamoatchilik faoliyati yo‘nalishida 39 ta, madaniyat yo‘nalishida 29 ta, axborot texnologiyalari yo‘nalishida 24 ta hujjat qabul qilindi.
Kuni kecha sport va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha mukofotga talabgor xotin-qizlarning faoliyati, hujjatlari ko‘rib chiqildi, nomzodlar bilan muloqot olib borildi. Bugun ham 6 ta yo‘nalish bo‘yicha Komissiya o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Komissiya faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 6 ta yo‘nalish bo‘yicha komissiya a’zolari taqsimlandi.
Komissiya faoliyatiga yaqindan yordam ko‘rsatish, Davlat mukofotini olishga tavsiya etilgan talabgorlarning ibratli faoliyatlari va ijodiy ishlariga doir materiallarni ko‘rib chiqish uchun ekspertlar ham Komissiya faoliyatiga yaqindan yordam ko‘rsatishadi.
Faoliyatidan kelib chiqib, ekspertlar ham 6 ta yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 noyabrdagi tegishli qarori bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan har bir talabgor xotin-qizlarning faoliyati 100 ballik tizimda baholanadi.
O‘ylaymanki, bu yil ham millionlab iqtidorli qizlarimizdan eng iqtidorlilari Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko‘riladi. Bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning ardoqli shoirasi nomidagi Davlat mukofoti iqtidorli qizlarimiz uchun betakror rag‘bat, katta imkoniyatdir.
N.Usmonova yozib oldi, O‘zA