Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni himoya qilish va ijtimoiy integratsiya qilishning yangi tizimi joriy etilmoqda
2026-yil 9-fevral kuni Vazirlar Mahkamasining «Zo‘ravonlikdan jabrlangan, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar hamda ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlarni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni himoya qilishning yangi tizimi joriy etilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi hamda uning Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro viloyatlarida mintaqaviy bo‘linmalari tashkil etildi.
2026-yil 1-martdan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ularning oilalariga xizmat ko‘rsatish jarayoniga xususiy sektor (yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar) ham jalb etiladi. Xizmat ko‘rsatuvchilarni bolaning ota-onasi o‘z xohishiga ko‘ra tanlash huquqiga ega bo‘ladi.

Bolalar va ularning oilalariga qisqa muddatli (6 oygacha), uzoq muddatli (1 yilgacha) va tunu kun ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar taqdim etiladi. Shuningdek, professional tutingan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun "Mehrli oila" xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Har bir holat bo‘yicha "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan alohida "himoya qilish rejasi" yoki "integratsiya rejasi" ishlab chiqiladi va ularning ijrosi har oyda monitoring qilib boriladi.
Agar bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid mavjud bo‘lsa, uni xavfli muhitdan (hatto ota-onasidan ham) zudlik bilan olib qo‘yish tartibi belgilandi.
D.Do‘smatova, O‘zA