Zo‘r kelganda zo‘ravon ham zo‘riqadi...
«Men umrim mobaynida oilam, bola-chaqam deb yashadim. Qurbim yetganicha ularning barcha ehtiyojlarini qoplash va orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga harakat qildim. Albatta, bu mening otalik burchim edi. Lekin bugunga kelib keksayib qolganimda o‘zim shu oilaga sig‘may qoldim. Men eshitmagan haqorat, men ko‘rmagan tazyiq qolmadi»...
Afsuski bugungi kunda goh ijtimoiy tarmoqlarda, goh ish faoliyatimiz mobaynida ham ana shunday holatlardan aziyat chekayotganlarga tez-tez duch keladigan bo‘lib qoldik. Nega?.. Tabiiyki, bunday jarayonlar har qanday kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Nahotki buning xalqimiz, millatimiz ma’naviyati uchun nihoyatda og‘riqli hol ekanligini yaxshi anglamaymiz...
Masalaga huquqiy tomondan yondashadigan bo‘lsak, 1948 yilda qabul qilingan «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»ning 1-moddasida «Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo‘lishlari kerak» deb belgilab qo‘yilgan.
Shu o‘rinda haqoratlash, zo‘rlash, qiynash, ruhiy jihatdan azob berish, jismoniy kuch ishlatish kabi holatlar zo‘ravonlikning asosiy ko‘rinishlari sifatida baholanadi. Agar oila a’zolaridan biri oila a’zosining boshqa vakiliga nisbatan tazyiq o‘tkazsa bu oilaviy zo‘ravonlik deb tushuniladi. Mazkur omillar oilani parokandalikka olib keluvchi salbiy illatlar hisoblanadi. Shu bois, bunday holatlarni hech qanday sharoitda na qonun oldida va na insoniylik fazilatlari misolida oqlab bo‘lmaydi. Aytish kerakki, Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish (97-modda), o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish (103-modda), o‘zini o‘zi o‘ldirishga undash (1031-modda), qasddan badanga og‘ir (104-modda), o‘rtacha og‘ir (105-modda) hamda yengil shikast yetkazish (109-modda), qiynash (110-modda), o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish (112-modda), ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash (115-modda), nomusga tegish (118-modda), ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda), voyaga yetmagan, shuningdek, mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (122-modda), ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (123-modda), nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (1251-modda), tilanchilik qilish (1271-modda), odam savdosi (135-modda), ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish (136-modda), zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish (138-modda) kabi moddalarida nazarda tutilgan jinoiy ishlarga yo‘l qo‘ygan va sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralarini ko‘rish masalasi nazarda tutilgan.
Odatda ushbu jarayonlarning sud va huquq-tartibot organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi masalaning so‘nggi bosqichlariga to‘g‘ri keladi. Aslini olganda bunday vaziyatlarga chek qo‘yish yoki ularning oldini olish jamiyatdagi barcha mutasaddi tashkilotlar, o‘z o‘rnida har bir fuqaroning mas’uliyati hisoblanadi. Xo‘sh, bu borada mamlakatimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Aytish muhimki, so‘nggi yillarda respublikamizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, sotsial faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat hamda imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, huquqiy, shu bilan birga qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bundan tashqari, oila institutini mustahkamlash ishlariga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda va bu boradagi tizimli faoliyatlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Xususan, Bosh qomusimizning 44-moddasida ayollar va erkaklar teng huquqli ekanligi belgilab qo‘yilganligi ularning teng huquqlar asosida ilm olish, kasb egallash, mehnat qilish, xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilish, ijtimoiy-siyosiy va madaniy sohalarda erkin faoliyat ko‘rsatishiga imkoniyat beradi. Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 2 sentyabrda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi 561-son O‘zbekiston respublikasining qonuni imzolangani va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvarda qabul qilingan «Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2-son qaroriga asosan, «Ayollar daftari»ni yuritish orqali yurtimizdagi xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid faoliyatlar tamomila yangi bosqichga olib chiqildi. Agar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda har uchinchi ayol hayoti davomida u yoki bu turdagi zo‘ravonlikka duch kelishini inobatga olsak, davlatimiz hamda hukumatimiz tomonidan ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilayotganligi bejiz emasligini tushunish u qadar qiyin emas, albatta.
Shundan kelib chiqqan holda Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining raisi hamda sudyalari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent shahrida mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlarida sayyor uchrashuvlar o‘tkazilib, «Ayollar daftari»ga kiritilgan jami 204 nafar xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi. Ularning mavjud muammolarini qonunda belgilangan tartibda hal etish mexanizmlari to‘g‘risida takliflar berildi. Shuningdek, faoliyat davomida aholining keng qatlamiga jinsiy, jismoniy, iqtisodiy, ruhiy tazyiq va zo‘ravonliklar, ulardan himoyalanish hamda bunday holatlarning oldini olish borasida keng tushunchalar berib borilmoqda. Mavzuga doir holatlar aniqlanganda, qonunda belgilangan tegishli tartiblar asosida choralar ko‘rib kelinmoqda. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot o‘rnida: himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayol yoki bu haqida xabardor bo‘lgan uchinchi shaxs (qo‘shni yaqin qarindoshlar) yashash hududidagi huqu-targ‘ibot organlariga ariza bilan murojaat qiladi. Hududiy profilaktika inspektori jabrdiydaning yashash sharoitini o‘rganib chiqib, 24 soat muddatda order berish masalasi hal qilinadi.
E’TIBOR BERING!
Iqtisodiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zo‘ravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlanishga bo‘lgan huquqini, mulk huquqini, ta’lim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik).
Xulosa o‘rnida aytish joizki, jamiyatdagi har qanday illatga qarshi kurashni, avvalo, oiladan boshlash zarur. Zero, oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onda kim qanday tarbiya topsa, vatan, millat, yurt ravnaqiga ham ayni shunday nigoh bilan boqishi allaqachon hayotimizda o‘z isbotini topib bo‘lgan.
G‘olib Davlatov,
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi raisi.
Bahodir Xolmonov,
sudya.
Nodir MAXMARASULOV,
sudya yordamchisi.