Zominda yoshlar sharafiga bayram
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Zomin tumanida o‘tkazilgan tantanali bayram tadbiri mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kunida Yangi O‘zbekiston yoshlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan ezgu g‘oya va tashabbuslar Zomindagi bayram tadbirlarida ham o‘zining amaliy aksini topdi.
Yangi O‘zbekistonda yoshlarning bilimli, tashabbuskor va vatanparvar insonlar bo‘lib kamol topishi davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu bois har yili 30-iyun – Yoshlar kuni nafaqat bayram sifatida, balki mamlakatimiz yoshlariga bildirilayotgan yuksak ishonch va e’tiborning yorqin ramzi sifatida keng nishonlanmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning orzu-intilishlari, tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, zamonaviy ta’lim, innovatsiyalar, tadbirkorlik va bandlik masalalari bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor vazifasi bo‘lib qolishini alohida ta’kidladi. Ana shu ezgu maqsadlar joylarda amalga oshirilayotgan tadbirlarda ham o‘zining ifodasini topmoqda.

Jizzax viloyatining Zomin tumani markaziy sayilgohida tashkil etilgan tantanali bayram dasturi ham ana shu yuksak g‘oyalar ruhida o‘tdi. Unda yoshlarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va salohiyati e’tirof etildi, ularni yangi marralar sari ruhlantirish, tashabbuskor va faol yoshlarni munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tantanali tadbirda Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, ommaviy axborot vositalari vakillari, keng jamoatchilik hamda yuzlab yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi yoshlarni bayram bilan samimiy qutlar ekan, mamlakatimizda ularning zamonaviy bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va o‘z iqtidorini to‘liq namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga to‘xtaldi. Shu bilan birga, Zomin yoshlarining ilm-fan, sport, madaniyat, axborot texnologiyalari hamda tadbirkorlik sohalarida erishayotgan salmoqli yutuqlari yuksak baholandi.
Bayramning eng quvonchli lahzalaridan biri umumta’lim maktablarini a’lo baholar bilan tamomlab, oltin va kumush medallarga sazovor bo‘lgan bitiruvchilarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Yoshlarning bilim va mehnatiga berilgan bunday yuksak e’tirof ular uchun katta rag‘bat va kelgusi muvaffaqiyatlar sari mustahkam qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, yoshlar siyosatini hayotga samarali tatbiq etish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan Yoshlar ishlari bo‘limi yetakchilari va bir guruh tashabbuskor yoshlar ham munosib taqdirlandi.
Bayram dasturi respublika poytaxtidan tashrif buyurgan san’atkorlar hamda mahalliy iste’dodli ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yanada fayzli tus oldi. Kuy-qo‘shiqlar, musiqiy chiqishlar va sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi.

Tadbir yakunida osmonni yoritgan rang-barang mushakbozlik bayram shukuhini yanada oshirib, ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Zomin tumanida o‘tkazilgan “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan ushbu tantanalar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan islohotlar izchil davom etayotganining yana bir yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Bu kabi ezgu tashabbuslar yurtimizning ertangi kunini barpo etadigan bilimli, vatanparvar va tashabbuskor yoshlar safini yanada kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri