Zominda dam olish maskanlari ko‘paymoqda
FOTOREPORTAJ
Joriy yilning o‘tgan davrida Jizzax viloyatida turizm sohasi izchil rivojlanib, vohaga 472 ming xorijiy va 1,6 million mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Turizm xizmatlaridan tushgan daromad 70 million AQSH dollariga yetdi. Shu davrda umumiy qiymati 350 milliard so‘mlik 22 ta loyiha amalga oshirilib, 500 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. Forish, G‘allaorol va Baxmal tumanlaridagi bir nechta mahallaga “turizm mahallasi” maqomi berildi.
Yil sayin viloyatda joylashtirish infratuzilmasi ham kengaymoqda. 2017 yilda 22 ta, 1 ming 900 o‘rinli mehmonxona va turizm ob’ekti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 312 taga, o‘rinlar soni esa 8 mingtaga yetdi. Joriy yilning o‘zida 1 ming 274 o‘rinli 49 ta mehmonxona, xostel va boshqa joylashtirish ob’ektlari foydalanishga topshirildi.
Shu kabi amaliy ishlar orasida Zomin tumanida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan barpo etilgan yangi zamonaviy dam olish maskani alohida ahamiyatga ega. 5 gektar maydonda qurilgan mazkur sihatgoh ayni paytda dam oluvchilarning sevimli maskaniga aylanib ulgurdi.
[gallery-26684]
80 milliard so‘m mablag‘ evaziga “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda “Osiyo Qurilish Imkon Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bunyod etilgan ushbu maskan 180 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega. Hududda 4 ta “lyuks”, 6 ta “yarimlyuks” va 6 ta “standart” kottej, kutubxona va o‘quv binosi, muolaja markazi, sauna va yopiq suv havzasi, bolalar o‘yingohlari, futbol maydoni, avtoturargoh, shuningdek 180 o‘ringa mo‘ljallangan ikki qavatli oshxona faoliyat yuritmoqda.
Dam olish maskani foydalanishga topshirilishi natijasida 78 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Endilikda OKMK ishchi-xodimlari yana bir zamonaviy sharoitlarga ega sihatgohda hordiq chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA