Zominda birinchi bor ultramarafon o‘tkazildi
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi dengiz sathidan 2 ming 400 metr balandlikdagi osmono‘par tog‘ hududida birinchi marotaba ultramarafon – “Zaamin-Ultra” xalqaro bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
“Samarkand Half Marathon” doirasidagi ushbu musobaqa madaniyat va san’at muassasalarida inklyuzivlik muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, madaniy turizmni rivojlantirish, respublika aholisi, jumladan, yosh avlodni faol sportga keng jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Joriy yilda “Samarkand Half Marathon” yarim marafoni musobaqalari uch bosqichda bo‘lib o‘tadi.
Ulardan birinchisi “Zaamin-Ultra” sport, musiqa va san’at festivali Zomin tumanidagi milliy tabiat bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda 13 davlatdan 700 nafarga yaqin professional va havaskor sportchi ishtirok etdi.
Ushbu marafonning ikkinchi bosqichi madaniyat, zamonaviy san’at va sport festivali – “New Star” nomi bilan joriy yilning 1-5 sentyabr kunlarida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘ hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning 5-7 noyabr kunlari esa uchinchi bosqich – Samarqand shahridagi an’anaviy xayriya yarim marafoni bo‘lib o‘tadi.
[gallery-2944]
Sport bellashuvlaridan tashqari loyiha doirasida konsert dasturlari, shuningdek, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarni ham katta e’tibor bilan tomosha qildi.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, madaniy turizmni rivojlantirish, O‘zbekiston aholisi, shu jumladan, yosh avlodni faol sport turlari bilan shug‘ullanishini ta’minlashdan iborat.
An’anaviy marafon masofasi 42 kilometr 195 metrdan iborat bo‘lib, Zomindagi bellashuv 50 kilometr masofaga o‘tkazilgani sabab ultramarafon deya ataldi. Ultramarafonlar butun dunyoda o‘tkazilib, har yili unda 70 mingdan ziyod professional va havaskor sportchi ishtirok etadi.
– Zomin tog‘lari bag‘ridagi ushbu musobaqa mamlakatimiz sport tarixida birinchi bor o‘tkazilmoqda, – deydi 50 kilometrlik ultramarafonda marra chizig‘ini birinchilardan bo‘lib kesib o‘tgan Jumanazar Abduraxmonov. – Tadbir menda juda katta taassurot qoldirdi.
Ikki kun davomida dengiz sathidan 2 ming 400 metr balandlikdagi Zomin tog‘ hududida o‘tkazilgan ultramarafon – “Zaamin-Ultra” bellashuvi g‘olib, sovrindor va turli nominatsiyalar sohiblari diplom, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA