Zilzila xavfiga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda? (+video)
O‘zA muxbiri AQSHning Kaliforniya universiteti laboratoriya mudiri, taniqli olim Shahzod Tohirov bilan Bino va inshootlar zilzilabardoshligi eksperimental-sinov markazi ochilishi, undagi noyob asbob-uskunalarning ishlash jarayonlari, ilm-fan uchun muhim ahamiyati xususida maxsus intervyu uyushtirdi.
Shahzod Tohirovning aytishicha, bugungi kunda aholining boshpanaga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani qurilish sohasida yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Ayniqsa, binolarning zilzilaga bardoshliligi masalasi dolzarb bo‘lib, bu ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan asosiy savollardan biridir.
Olimning ta’kidlashicha, ana shu muammolarga yechim topish maqsadida Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Institut qoshida tashkil etilgan zamonaviy laboratoriyada binolarning zilzilabardoshligi chuqur o‘rganilmoqda.
Ushbu laboratoriya hukumat ko‘magi va ajratilgan mablag‘lar, shuningdek olimlarning sa’y-harakatlari natijasida barpo etilgan. Laboratoriyaga Amerikadan zamonaviy asbob-uskunalar olib kelingan bo‘lib, ularning umumiy qiymati taxminan bir million dollar atrofida.
Bu uskunalar yangi qurilayotgan binolarning zilzilaga bardoshli yoki bardoshli emasligini aniqlash imkonini beradi. Ayniqsa, maxsus seysmik platforma orqali zilzila holati sun’iy ravishda yaratilib, binolar modellari sinovdan o‘tkaziladi.
Bunday laboratoriya Markaziy Osiyoda hozircha yagona bo‘lib, bu hudud uchun katta ilmiy yutuq hisoblanadi. Shuningdek, u hozirgi vaqtda Amerikada faoliyat yuritib, o‘z tajribasini O‘zbekistondagi ilmiy ishlarga tatbiq etayotganini ham qayd etdi.
Olimning fikricha, olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari yaqin kelajakda amaliyotga joriy etilib, mamlakatda qurilayotgan binolarning xavfsizligi va mustahkamligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BKP7YZvkXTc" title="Zilzila xavfiga qarshi qanday tayyorgarlik ko`rilmoqda? " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Nishonboy Abduvoitov (video), Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA