Ziddiyatni hal etish uchun uzoq muddatli reja kerak
Rossiya-Ukraina
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga don shartnomasi bajarilishi bilan bog‘liq murojaatini topshirdi. Ayni mazmundagi maktub Ukraina va Turkiyaga yo‘llangan.
Rim Papasi Fransisk 27 aprel kuni Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigalni Apostol saroyida qabul qiladi, deya xabar berdi Muqaddas taxt matbuot xizmati. “ANSA” agentligi ma’lum qilishicha, bu pontifikning Ukraina hukumati raisi bilan ikkinchi uchrashuvi.Dastlabki shunday muloqot 2021 yil 25 martda bo‘lib o‘tgan.
AQSH hokimiyati Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Xitoy vositachiligida Ukraina inqirozini hal etish bo‘yicha bildirgan taklifidan norozi. Bu haqda mabalarga tayanib, “Bloomberg” yozgan. Aytilishicha, Oq uy reja ittifoqdoshlar bilan maslahatlashmasdan taklif qilinganidan g‘azablangan.
Yevropalik mulozimlar XXR vositasida Rossiya va Ukraina muzokarasi tashkil etilishi tomonlarning hududiy talabini chalkashtirib yuborishi mumkinlini ta’kidlashadi.
YeI avvalgidek Ukrainani qurol-aslaha bilan ta’minlashni davom ettiradi, deb bayonot berdi Vengriya tashqi ishlar va iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto.
– Vengriya Ukrainadagi mojaro tezroq to‘xtashi, bu yurtga tinchlik kelishini istaydi, qurol-yaroq esa ziddiyatni, tahdidni kuchaytiradi, – dedi u. – Qurol yetkazib berish o‘rniga, insonlar hayotini saqlab qolish uchun otashkesinni to‘xtatish, tinchlik muzokarasini boshlash kerak.
Ukrainalik rasmiylar Qo‘shma Shtatlar Kiyev tomonidan olib borilayotgan harbiy amaliyotni qisman nazorat qilayotganini e’tirof etishdi. Bu haqda Internetga sizdirilgan Pentagonning maxfiy hujjatlariga tayanib, “The Washington Post” gazetasi ma’lum qildi.
Amerikaning “Abrams” tanklari Germaniyaga yetib keldi, biroq hali bu mashinalar jangovar harakatda qo‘llanmaydi, hozircha ukrainalik harbiy xizmatchilarni o‘qitish uchun foydalaniladi. Bu haqda Pentagon matbuot xizmati rahbari Patrik Rayder ma’lum qildi.
YeI tashqi siyosat xizmati rahbari Jozep Borrel xabar berishicha, tashkilothozirgacha Ukrainaga 13 milliard dollarlik qurol-aslaha yetkazdi va 16 mingdan ziyod harbiyni o‘qitdi.
– Tinchlik muzokarasi boshlanishizarurligini tushunaman, biroq bu jang maydonidagi kuchlar muvozanatiga bog‘liq, – dedi u. – Ukraina kuchaygach, muzokara haqida gaplashish mumkin.
Sayyoramizda tinchlikni ta’minlash uchun BMT Ukraina atrofidagi ziddiyatni hal qilishning uzoq muddatli rejasini ishlab chiqishi kerak. Bu haqda Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramaposa bayonot berdi. “News24” portali uning “Mazkur reja Rossiya va Ukraina nizosini tugatishi, tomonlar xavfsizligini ta’minlamog‘i va jahon urushiga yo‘l qo‘ymasligi kerak”, degan so‘zlarini iqtibos sifatida keltirgan.
YeI Kiyev ehtiyoji uchun hamkorlikda o‘q-dori sotib olishni tezlashtirishi kerak, dedi Finlandiya TIV rahbari Pekka Xaavisto.
Xitoyning Qrim masalasiga qarashi o‘zgarmagan, Pekin barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qiladi. Bu haqda XXR TIV rasmiy vakili Mao Nin ma’lum qildi.
“Pekin xalqaro hamjamiyat bilan birga Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l orqali hal etishga hissasi qo‘shadi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bayonotiga ko‘ra, “Rossiya XXI asr tinchlik asri bo‘lishi umidini puchga chiqardi, hammani kolonial tizim kuchaygan XIX asr muhitiga yetakladi”.
Abror XON,
O‘zA