Ziddiyat butun insoniyatni charchatmoqda...
Rossiya-Ukraina
AQSH Prezidenti Jozef Bayden va Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi Nguyen Fu Chong, BMT Nizomi va xalqaro huquq me’yoriga binoan, Ukrainada keng miqyosli, adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish zarurligini qayd etdilar. Bu haqda Xanoyda o‘tgan ikki tomonlama muzokara yakuni bo‘yicha tarqatilgan qo‘shma bayonotda aytilgan.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok avvaldan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga kelgan. Vazirlik matbuot xizmati axborotida qayd etilishicha, u Ukrainaning YeIga kirish yo‘lidagi sa’y-harakatini to‘la qo‘llab-quvvatlashga kafolat bergan. Shu bilan birga hamkor tomonni faol islohot olib borishga chaqirgan. Eslatilishicha, bu GFR tashqi siyosat idorasi rahbarining oxirgi bir yarim yil ichida Kiyevga to‘rtinchi bor tashrif buyurishi. Berbok, shuningdek, 2024 yil Berlinda Ukrainani qayta tiklashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilishini ham ma’lum qilgan.
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi Zaporoje AES atrofidagi vaziyat Rossiya va Ukrainada yaqin orada bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvda muhokama qilinishini aytgan. Bu haqda mazkur xalqaro tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva matbuot anjumanida Ukraina atrofidagi ziddiyat insoniyatni charchatayotganini ta’kidlagan:
“Menimcha, hamma yaxshi tushunib turibdi, bu mojaro insoniyatni charchatyapti, odamlarni horitmoqda”. Bu iqtibosni “CNN Brasil” telekanali keltirdi.
Ukrainaning yangi mudofaa vaziri Rustem Umerov o‘zining ilk telefon suhbatini amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan o‘tkazdi. Pentagon xabar berishicha, muloqot chog‘ida keyingi hafta “Ramshtayn” formatida bo‘lib o‘tadigan Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhi uchrashuvi kun tartibi muhokama qilingan.
“Vazir Ostin hamkasbi Umerov bilan AQSH tomonidan xavfsizlik sohasida Ukrainaga beriladigan ko‘mak to‘g‘risidagi yangi ma’lumot bilan o‘rtoqlashdi, ushbu mamlakatni bevosita qo‘llab-quvvatlash uchun jang maydonida va istiqbolda zarur bo‘ladigan ehtiyojni ko‘rib chiqdi”, deyiladi bayonotda.
Chexiyada bo‘lib turgan ukrainalik qochoqlarning vaqtinchalik himoyasi maqomi yana bir yil – 2025 yil 31 martgacha uzaytiriladi. Bu haqda idnes.cz portali ma’lum qildi. Hozir Chexiyada 360 mingga yaqin ukrainalik qochoq yashamoqda, ularning 80 foizini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Xalqaro migratsiya tashkiloti tadqiqotiga ko‘ra, faqat o‘n foiz qochoq yurtiga qaytishni istaydi.
Davlat departamenti va Pentagon Prezident Jo Baydenga Ukrainaga uzoq masofali “ATACMS” raketalari yetkazib berishni tavsiya qilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib “CNN” ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, “mazkur raketalar Ukrainaning qarshi hujumida yaxshi asqotishi mumkin”.
Kiyev hukumati BMT Bosh assambleyasining oliy darajadagi haftaligi ochiladigan 19 sentyabrgacha AQSH tomonidan “ATACMS” raketalari yetkazib berilishiga umid qilmoqda. Bu haqda “Politico” yozdi.
“Handelsblatt” nashri, manbani ochiqlamay, “G‘arbdagi siyosatchilar va harbiylar Ukrainaning qarshi hujumi istiqboliga ishonch kamayib borayotganini qayd etmoqda”, degan so‘zlarini keltirdi. G‘arbdagi rasmiy vakillar va harbiylar bilan suhbatlar anonim sharti bilan o‘tkazilgan.
Rossiya – Ukraina inqirozi nafaqat ikki mamlakat yoki mintaqa, balki butun dunyo uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega, dedi Stenford universiteti katta ilmiy xodimi Frensis Fukuyama.
– Ushbu nizo yakuniga qarab, boshqa mamlakatlar, ayniqsa, Rossiya bilan bog‘liq Gruziya, Moldova va Qozog‘istonda ko‘p narsa o‘zgarib ketishi mumkin, – ta’kidladi Fukuyama. – Ziddiyatning Janubi-sharqiy Osiyoga ta’siri ham sezilarli bo‘ladi.
Abror XON,
O‘zA