Zelenskiy bosh qo‘mondonni ham almashtirdi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyni lavozimidan ozod qilib, uning o‘rniga general-mayor Mixail Drapatiyni tayinladi. Ushbu qaror mamlakat bo‘ylab avj olgan ommaviy norozilik, mudofaa vaziri Mixail Fyodorov iste’fosidan keyin yuzaga kelgan siyosiy bosim tufayli qabul qilindi. Shu tariqa Kiyev so‘nggi kunlarda jiddiy bahs keltirib chiqargan harbiy rahbariyatdagi o‘zgarishlarni davom ettirdi.
Davlat rahbari bir necha kunlik maslahatlashuvdan so‘ng Qurolli kuchlar Bosh shtabi faoliyatini qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini aytdi. Shu bilan birga Sirskiyning Kiyev mudofaasi, Xarkov qarshi hujumi va Kursk yo‘nalishi bo‘ylab amaliyotdagi xizmatini alohida e’tirof etdi. Vaholanki, generalning boshqaruv uslubi va harbiylar bilan munosabati ancha vaqtdan beri tanqid qilib kelinayotgan edi.
Mixail Drapatiy jamoatchilik va harbiylar orasida islohot tarafdori sifatida tanilgan. Avval Xarkov yo‘nalishidagi Birlashgan kuchlarga qo‘mondonlik qilgan bu mulozim rahbarligida Ukraina qo‘shini Kupyansk atrofida bir necha hududni qayta nazoratga olgan. Yangi Bosh qo‘mondon Fyodorov boshlagan harbiy boshqaruv islohoti tashabbusini ochiq qo‘llab-quvvatlab, armiyada tizimli o‘zgarish zarurligini bir necha bor ta’kidlagan.
Fyodorovning lavozimdan chetlatilishi mamlakatda siyosiy bahsni kuchaytirdi. Jamoatchilik faollari va urush qatnashchilari uni qayta mudofaa vaziri etib tayinlashni talab qilmoqda. Hatto, namoyish tashkilotchilari 24-iyulga qadar Sirskiy ishdan olinmasa va Fyodorov nomzodi qayta ko‘rib chiqilmasa, muddatsiz milliy norozilik aksiyasi boshlanishidan ogohlantirgan.
Zelenskiy Bosh qo‘mondonni almashtirish qarorini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Fyodorovning ehtimoliy qaytishi yuzasidan hozircha izoh bermadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA