“Zato” dan voz kechish vaqti keldi
Mamlakatimizda davlat tili yagona – oʻzbek tili boʻlishi kerak?
Munosabat
Mamlakatimizda davlat tili yagona – oʻzbek tili boʻlishi kerak? Milliy til bu – davlat ramzlaridan biridir. Bayrogʻimiz yagona, gerbimiz yagona, madhiyamiz yagona. Demak, tilimiz ham yagona boʻlmogʻi shart.
Oʻz tiliga ingliz va ruscha soʻzlarni aralashtirib gapiradigan tanishlarim yoʻq emas. Ular bu bilan goʻyo oʻzlarini “zamonaviy” ekanligini, koʻp tilda soʻzlasha olishini koʻz-koʻz qilmoqchi boʻladi. Bu kabi holatlarga barchamiz koʻcha-koʻyda, ishda, oʻqishda, bozoru doʻkonlarda deyarli har kuni duch kelamiz. Biroq, ana shu “zamonaviy” hamyurtlarimizga birortamiz “Nega ona tilimizga hurmat koʻrsatmayabsiz?” deb tanbeh bermaganmiz. Undan tilimizni buzib gapirayotganligi uchun izoh soʻramaganmiz. Hech boʻlmaganda, uning bu ishi notoʻgʻri ekanligini bir ogʻiz aytib qoʻyishga yaramaganmiz. Eng achinarlisi bu kabi koʻrinishlar biz uchun odatiy holga aylanib qolgan. Demak, bu bilan tilimizni buzilishiga, kamsitilishiga eng avvalo, oʻzimiz yoʻl ochib beryapmiz. Shu oʻrinda ulugʻ maʼrifatparvar Abdurauf Fitrat bundan 101-yil muqaddam, yaʼni 1919-yilning 12-iyunida chop etilgan “Ishtirokiyun” roʻznomasida tilimizni boy, ammo baxtsiz ekanligini izohlab berganligini eslash joiz. U oʻsha paytda tilimiz sofligini asrab-avaylashga yetarli darajada eʼtibor qaratmayotganimizni aytib oʻtgan ekan.
Bugun Fitrat va boshqa ulugʻ ajdodlarimizning tilimiz sofligini saqlash haqidagi afsus-nadomatli fikrlaridan xulosa chiqarishga harakat qilyapmizmi? Afsuski, yoʻq. Ming afsuski, tilimizning baxtsizligi oʻzimizdan. Aslida jamoat joylarida ona tilimizni buzib gapirishdan har bir yurtdoshimiz uyalishi kerak. Ona tilimizga hurmatni nafaqat qonun bilan mustahkamlash, balki jamiyatimizning odob qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Vatani, ajdodlaridan gʻururlangan odam oʻz tilini ham hurmat qilishi kerak. Qachongacha bekatni “ostanovka”, oziq-ovqat mahsulotlarini “produkta” deymiz. Juda koʻp kishilarning soʻzlashuvida oddiy holga aylangan “zato”, “tolko” kabi soʻzlardan allaqachon voz kechishning vaqti yetgan. Tilga hurmatni har birimiz oʻzimizdan, oʻz oilamizdan boshlashimiz kerak. Mening nazarimda, tilga muhabbat onamizga boʻlgan muhabbat kabi qalbimizda nish urmogʻi joiz aslida. Buyuk ajdodlarimiz, bobo-momolarimizdan meros – ona tilimiz sofligini saqlashga befarq boʻlishga aslo haqqimiz yoʻq. Ona tilini unutgan millat tanazzulga mahkum ekanligini unutmaylik.
Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qoʻyilgan davlat tashkiloti ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmasa, oʻsha tashkilotning mansabdor shaxsiga jarima solinishi belgilangan qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlayman. Bu masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda har kim har xil fikrlar bildirmoqda. Men taklif etilayotgan loyihani nihoyatda adolatli va tilimiz qadrini yana-da oshirishga qaratilgan muhim taklif, deb hisoblayman. Bunday tartibga nafaqat davlat tashkilotlarida, balki yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha tashkilot va korxonalarda amal qilinishi kerak. Barcha tashkilot davlat tili – oʻzbek tilida ish yuritishi shart etib belgilanishi tarafdoriman.
Men shu yurtning oddiy fuqarosi sifatida ona tilimizni qadr topishiga intilayotgan barcha ziyolilarni qoʻllab-quvvatlayman. Yosh ijodkor sifatida tilimizni eʼzozlash, hurmat qilishni vijdonim, millatim oldidagi burch, deb bilaman. Mamlakatimizda ona tilimiz ravnaqiga berilayotgan eʼtibor – milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari ildam borayotganimizning bir namunasidir. Bebaho va oʻlmas qadriyatlarimizni oʻzida jo etgan tilimiz – oʻzbek tilining mavqei, qadri va umriboqiyligi uchun har birimiz masʼul ekanligimizni dildan anglashimiz kerak. Ona tilimizga hurmatni kundalik faoliyatimizda toʻgʻri soʻzlashishdan boshlasak toʻgʻri boʻladi. Fikrlarimni ona tilimiz haqida yozgan sheʼrimning quyidagi satrlari bilan tugataman:
Ilk bora aytilgan soʻzim hurmati,
Nominga onamni qoʻshib aytaman,
Ona tilim deyman — vijdon matlabi,
Sensiz men kim boʻldim, kimman, qaydaman...
Kamola ABDUVALIYEVA,
“Milliy tiklanish” partiyasi
Andijon viloyat Kengashi
matbuot kotibi.